Dam olish kunlari O‘zbekistonda havo harorati yana ko‘tariladi

Bu qiziq

image

Dam olish kunlari O‘zbekistonning aksariyat hududlarida asosan quruq ob-havo saqlanib qoladi. Ayrim viloyatlarda qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Bu haqda O‘zgidromet e’lon qilgan prognozda keltirilgan.

Unga ko‘ra, bugun, 3 iyul kuni kunduzi respublika hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va kechqurun Toshkent viloyatida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati 30–33 daraja atrofida, janubda va cho‘l hududlarda 35–37 darajagacha bo‘ladi. Shamol shimolda va cho‘l hududlarda 15–20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Ertaga, 4 iyul kuni faqat Farg‘ona vodiysida, shuningdek kechasi va ertalab Toshkent, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi. Havo harorati deyarli o‘zgarmaydi.

5 iyul, yakshanba kuni O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati ko‘tarila boshlaydi va kunduzi havo 34–37 darajagacha, janubda 39 darajagacha isiydi. Shamol 7–12 m/s tezlikda esadi.

3–4 iyul kunlari tog‘ oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Toshkentda bugun kun davomida yog‘ingarchilik kutilmaydi, kechqurun qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat 31–33 daraja bo‘ladi. 4 iyul kuni kechasi va ertalab qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kunduzi 31–33 daraja bo‘ladi. 5 iyul kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduzgi harorat 34–36 darajagacha ko‘tariladi. Harorat kechalari 18–23 daraja atrofida bo‘ladi. Shamol sharqdan 3–8 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 10 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, O‘zgidromet joriy yilning 4–6 iyul kunlari kutilayotgan yomg‘irlar sababli respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkinligi bo‘yicha ogohlantirish bilan chiqqan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing