Cho‘lponga topilmagan o‘q yoxud millat oydinlarini yutgan zulmat tun
Tahlil
−
04 Oktabr 2023 14730 7 daqiqa
4 oktyabr kuni dunyoda Butunjahon jonivorlarni himoya qilish kuni hisoblanadi. Bu sana 1931 yildan beri butun dunyoda nishonlab kelinadi. Aynan shu vaqtdan boshlab hayvonlar hayotiga hamjamiyat katta e’tibor qarata boshlagan.

Biroq XX asrning 30-yillarida O‘zbekistonda hayvonlar tugul insonlar hayotining ham zarracha qadri yo‘q edi. Bu davr tarixda qonli davr sifatida qolib ketgan. Ayniqsa, 1937-1939 yillarda qatag‘onlar avj olgan bo‘lib, bu vaqt mobaynida O‘zbekistonda 43 ming kishiga turli ayblovlar qo‘yilgan. Ko‘plab manbalarning ta’kidlashicha, ulardan 6920 nafari otib tashlangan bo‘lsa, 37 mingdan ortiq odam surgun qilingan yoki qamalgan.
Chunonchi, 1938 yil 4-16 oktyabr kunlari 507 nafar O‘zbekiston SSR fuqarosiga sud hukmi o‘qilgan. Ushbu hukm o‘qilganlar ichida o‘zbek xalqining ma’rifatparvarlari – Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat, G‘ozi Olim Yunus, Otajon Hoshim, Xudoybergan Devonovlar ham bor edi.

Abdulla Qodiriy
Abdulla Qodiriy 1894 yil 10 aprelda Toshkent shahridagi Do‘mbirobod mahallasida tug‘ilgan. Qodiriyning eslashicha, uning asar yozishiga dadasi aytib bergan hikoyalar turtki bo‘lgan.
U otasini quyidagicha xotirlaydi:
“Har holda bemavridroq bo‘lsa kerak, kambag‘al, bog‘bonlik bilan kun kechirguchi bir oilada...tug‘ilg‘onman. Yoshim to‘qqiz-o‘nlarga borg‘ondan so‘ng meni maktabga yubordilar. Maktabda ikki-uch yil chamasi eski usulda o‘qib, keyingi vaqtlarda oilamizning nihoyatda qashshoq kun kechirgani vajhidan o‘n ikki yoshimda meni bir boyga xizmatchilikka berdilar. Xo‘jayinim o‘zi savdogar kishi bo‘lub, o‘rischa yozuv-chizuv bilaturg‘on odamga muhtoj edi. Shu ta’ma bo‘lsa kerak, meni o‘ris maktabiga yubordi... 1912 yilda manfaktur bilan savdo qiluvchi bir kishiga yiliga 50 so‘m barobariga prikazchik bo‘lub kirdim...”
Dastlab musulmon maktabida bilim olgan Qodiriy keyinchalik rus-tuzem maktabida ta’limni davom ettirgan. O‘qish davomida ota-onasiga yordam berish uchun ishlab o‘qigan. Keyinchalik, 1912 yildan uning mehnat faoliyati boshlangan. Dastlab oziq-ovqat komitetida kotib bo‘lib ishlagach, 1913 yildan gazetalarga maqolalar yozishni boshlagan. U Julqun, Julqunboy, Kalvak maxsum kabi taxalluslarda ijod qilgan.
Abdulla Qodiriy nafaqat o‘zbek adabiyotiga, balki jurnalistikasiga ham katta hissa qo‘shgan. Masalan, u 1923 yil tashkil etilgan mashhur “Mushtum” jurnalining ta’sischilaridan biri hisoblanadi. Jurnaldagi faoliyati haqida uning o‘zi shunday deydi:
“Shu o‘tgan yetti yil orasida Sho‘rolar hukumati va firqadan bir og‘iz tanbeh olmadim. Xulosa – boshqalarning xizmati daftar bilan sobit bo‘lsa, menim xizmatlarim matbuot bilan ravshandir... Ishchi-dehqonlar yozg‘on asarlarimni suyunib o‘qiydilar va meni yozuvchilar qatoriga kirgazdilar va meni hamon o‘qirlar va unutmaslar...”
Shu bilan birga uning o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan hissasi ham beqiyos. U o‘zbek adabiyotiga dastlab “Juvonboz” hikoyasi bilan kirib kelgan bo‘lsa, keyinchalik “Ahvolimiz”, “To‘y” kabi she’rlari, “Baxtsiz kuyov” pesasi bilan omma o‘g‘ziga tushdi.
U birinchi o‘zbek romani muallifi ham hisoblanadi. Adib “O‘tkan kunlar” romanini 1920-yillar boshida yoza boshlagan. Roman qismlari ilk bor 1922 yil “Inqilob” jurnalida chop etilgan bo‘lsa, 1926 yil alohida kitob holiga keltirilgan. Ushbu asar XIX asrdagi siyosiy jarayonlarni ochib bergan. Asarda, shuningdek, ko‘pxotinlilik yomon oqibatlarga olib kelishi, siyosiy o‘yinlar odamlarning ham shaxsiy hayotiga daxl qilishi ochiq-oydin ko‘rsatilgan.
Shuningdek, uning “Mehrobdan chayon” romani ham ommaga mashhur asar hisoblanadi. Mazkur romanda XIX asrda Qo‘qon xonligida ro‘y bergan voqealar, qipchoqlar qirg‘ini, siyosiy jarayonlar odamlar hayotini qanchalik o‘zgartirib tashlashi haqida so‘z boradi.
Dastlab unga 1926 yil yozilgan “Yig‘indi gaplar” maqolasi orqali ayb qo‘yilgan. U 1926 yil suddagi nutqida shunday degandi:
“Men to‘g‘rilik orqasida, bosh ketsa “ih” deydirgan yigit emasman. Muqaddimadagi so‘zimda aytdim: men o‘sha kun matbaaga tushganimda, yolg‘iz “Yig‘indi gaplar”dagina emas, balki boshqa materiallarda ham oblastning shtampasi yo‘q edi. Endi bugun hayron qolaman, bundagi shtamplar qayoqdan keldi, yoki bunda ham manim ustimga bir yuk ortmoqchi edilarmi?
…So‘zim oxirida odil sudlardan so‘rayman: Garchi men turlik bo‘hton, shaxsiyat va soxtalar bilan, ham anglashilmovchiliklar orqasida, ikkinchi oqlanmaydurg‘on bo‘lib qoralandim. Loaqal ularning, qoralovchi qora ko‘zlarning ko‘ngli uchun bo‘lsa ham, menga eng oliy bo‘lg‘on jazoni bera ko‘ringiz. Ko‘nglida shamsi g‘uboroti, teskarichilik maqsadi bo‘lmog‘on sodda, go‘l, vijdonlik yigitga bu qadar xo‘rlikdan o‘lim tansiqroqdir. Bir necha shaxslarning orzusicha, ma’naviy o‘lim bilan o‘ldirildim. Endi jismoniy o‘lim menga qo‘rqinch emasdir. Odil sudlardan men shuni kutaman va shuni so‘rayman”.
U 1938 yilda 4 oktyabrdan 5 oktyabrga o‘tar kechasi Toshkentda SSSR Ichki ishlar xalq komissarligi maxsus poligonida otib tashlangan.

Abdulhamid Cho‘lpon
Abdulhamid Cho‘lpon Markaziy Osiyo jadidlarining eng yosh vakillaridan biri hisoblanadi. 1898 yil Andijon viloyatining Marhamat tumanida tug‘ilgan. Cho‘lpon ham dastlab musulmon maktabida, keyinchalik rus-tuzem maktabida o‘qiydi.
Adibning dastlabki asarlari “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona” gazetalarida nashr etilgan. “Adabiyot nadur?”, “O‘zbek yozuchilarimizg‘a” maqolalari esa o‘zbek adabiyotida muhim o‘ringa ega.
Shuningdek, akademik Naim Karimovning yozishicha, u o‘zidan oldingi shoirlarning ko‘pini bir xillikda ayblagan va she’riyatga yangilik olib kirishga qaror qilgan.
Uning faoliyatida 1917 yilgi inqilob katta ahamiyatga ega. Shuning uchun ham Cho‘lpon Abdulla Qodiriyga nisbatan siyosiy jarayonlarda faolroq bo‘lgan. Masalan, 1917 yil 27 oktyabrda Turkiston Muxtoriyati tuzilganda u Muxtoriyatga atab “Ozod turk bayrami” she’rini yozgan va bu she’r kuyga solinib, Turkiston Muxtoriyatining madhiyasiga aylantirilgan.

Cho‘lponning eng mahshur asarlaridan biri “Kecha va Kunduz” romanidir. Asar ikki qismdan iborat bo‘lib, u “Kecha” va “Kunduz”ga bo‘linadi. Uning “Kecha” qismi mavjud bo‘lib, unda 1917 yildan keyingi Turkistondagi muammolar, bolsheviklar bosqinining Markaziy Osiyo aholisiga ta’siri, odamlar hayotidagi qiyinchiliklar haqida hikoya qilinadi. “Kunduz” qismi esa sovetlar davrida yo‘q qilingan.
Yosh jadid 1938-yil 5-oktyabrda otuvga hukm qilingan. Biroq, 4-oktyabr kuni o‘ldirilib, 5-oktyabrda o‘ldirilgan deb rasmiylashtirilgan.
Adabiyotshunos Naim Karimov esa uning otib emas, chopib tashlanganini yozadi. “Cho‘lponga o‘q yetmay qolganidanmi, yoki to‘pponcha otilmaganidanmi, jallodlar uni o‘sha kecha otmaslikka qaror qiladi. Ammo shoir “O‘ldiringlar! Men senlarning davlatingda, zamoningda yashashni istamayman! Senlarni ko‘rgim yo‘q”, deb baqiradi. Shunda Cho‘lponni bolta bilan chopib o‘ldirishgan”, deydi u
Abdurauf Fitrat
Abdurauf Fitrat nafaqat o‘zbek adabiyotida, balki O‘zbekiston tarixida katta o‘ringa ega. U adabiy asarlar yozishdan tashqari, siyosiy hayotda, shuningdek, O‘zbekiston davlatining tuzilishida ham muhim o‘ringa ega. Qolaversa, u Markaziy Osiyodagi jadidchilikning muhim vakillaridan biri hisoblanadi.

Fitrat 1886 yil Buxoroda tug‘ilgan. Uning otasi savdogar bo‘lgan va ko‘proq chet mamlakatlarda yurgani sababli uni ko‘proq onasi tarbiyalagan. Shuningdek, u dastlab oddiy maktabda, keyinchalik Mir Arab madrasasida tahsil olgan. Madrasadan keyin Haj safariga borgan va chet mamlakatlarni ko‘rgan. Shuningdek, Turkiyada ham tahsil olgan.
U kommunizm g‘oyasi Markaziy Osiyo mintaqasiga kirib kelgunigacha Turkiya andozasidagi davlat qurishga harakat qilgan. Shuning uchun siyosiy jihatdan Turkiyaga intilgan. Fitrat Buxoroda islohotlar qilishga jon-jahdi bilan harakat qilgan.
Masalan, 1917 yil aprelda bo‘lib o‘tgan Buxorodagi islohotlar uchun namoyishda namoyishchilarning boshchilaridan biri bo‘lgan. Namoyishchilar amirdan islohotlar o‘tkazishni so‘rashgan. Namoyish bostirilgach, u Buxoroda amir hukumatiga qarshi bo‘lib qolgan.

Shu bilan birga, adib 1917 yil 27 noyabr kuni Turkiston Muxtoriyati tuzilishida ham katta rol o‘ynagan. U shu kunni “Milliy laylaturqadrimiz” deb atagandi. Bundan tashqari, Fitrat dastlab bolsheviklarga qat’iyan qarshi chiqqan. “Rusiyada yangi bosh ko‘targan balo – Bolshevik balosi” degandi. Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchi olim Adib Xolidning yozishicha, Abdurauf Fitrat demokratiyaning Markaziy Osiyodagi dastlabki tarafdorlaridan bo‘lgan va G‘arbga intilgan.
Biroq, keyinchalik u faoliyati davomida bolsheviklar bilan ishlashiga to‘g‘ri kelgan. Masalan, Buxoro amirligi tugatilganidan tuzilgan Buxoro Xalq Sovetlar Respublikasida Fitrat bir necha davlat lavozimlarida ishlagan. Bundan tashqari, 1924 yil 27 oktyabr kuni O‘zbekiston SSR tuzilganidan keyin ham siyosiy hayotda faol bo‘lgan.
Uning faoliyati ancha serqirraligi bilan ham ajralib turadi. Adib filolog olim sifatida birinchi o‘zbek professori ham hisoblanadi. Fitrat, shuningdek “Hind sayyohi qissasi”, “Muxtasar islom tarixi”, “Munozara” kabi badiiy va ilmiy asarlar muallifi ham hisoblanadi. U tarixiy tadqiqotlarda ham juda ko‘p ishtirok etgan.

U 1938 yil Angliya va Germaniya bilan hamkorlik qilib, Turkiston mintaqasida sovetlar hokimiyatini tugatish uchun ulardan yordam so‘raganlikda ayblangan. Fitrat ham ko‘plab jadidlar qatori 1938 yil 4 oktyabr kuni Toshkentda otib tashlangan.
Avazbek Mo‘ydinov
Live
Barchasi