“Chinakam tenglikni ta’minlashda ortda qolyapmiz”. Saida Mirziyoyeva Bishkekdagi forumda qatnashdi

Jamiyat

image

Bugun, 20 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi –  Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qirg‘izistonga tashrifi chog‘ida Bishkekda o‘tkazilgan “Ayol – dunyoni yaxshilik sari o‘zgartiruvchi lider” forumida ishtirok etdi. Bu haqda AKIpress xabar berdi.

Qayd etilishicha, Saida Mirziyoyeva o‘z nutqi davomida jamiyatda gender tengligi, ayolning turmushga chiqqandan keyingi hayoti va inson huquqlari kabi muhim mavzularni ko‘targan.

“Bashariyat ajoyib cho‘qqilarga erishdi, Mars sari intildi, sun’iy intellektda yangi ufqlarni ochdi, davolab bo‘lmaydi deb hisoblangan kasalliklarga ham davo topdi. Ammo biz hanuz eng muhimi – chinakam tenglikni ta’minlashda ortda qolmoqdamiz. Bugun dunyoning barcha nuqtalarida ayollarning asosiy huquqlari bo‘yicha bahs va savdolashuvlar davom etmoqda”, deydi Saida Mirziyoyeva.

U, shuningdek, jamiyatdagi bir tendensiyaga e’tibor qaratgan: qiz turmush qurgach, o‘z maqsad va orzularini unutib, faqat uy yumushlariga berilib ketishi.

“Men juda ko‘p marta maktabda porlagan, buyuk kelajak haqida orzu qilgan qizlarning ulg‘aygach, jamiyat hayotidan yo‘qolib, faqat maishiy tashvishlar ichida qolib ketayotganini ko‘raman. Afsuski, ko‘pincha oila qurish va turmushga chiqish ayolning martabasi va ijtimoiy o‘sishi yakuni sifatida qabul qilinadi”, deydi Saida Mirziyoyeva.

Bundan tashqari, Mirziyoyeva ikki yil avval O‘zbekiston mintaqada birinchi bo‘lib oiladagi zo‘ravonlikka qarshi qonun qabul qilganini eslatib o‘tgan. Shuningdek, u O‘zbekistonda ayollar parlamentning 38 foizini tashkil etishini qayd etgan. Prezident tashabbusi bilan mamlakatdagi barcha qizlar uchun magistratura bepul qilinganini, bir yil ichida 15 ming nafar qiz grant asosida o‘qishga kirganini ham aytib o‘tgan.

“Men doim boshqa ayollarning yutuqlaridan ilhom olganman. Bugun sizlarga qarab ulkan g‘urur his qilaman. Siz insonlar hayotini o‘zgartirayotgan va o‘z hamyurtlaringiz taqdiriga ta’sir ko‘rsatayotgan ayollarsiz. Biz Qurmonjon Datki va To‘marisning merosxo‘rlarimiz. Bu bizning umumiy faxrimiz, kuchimiz va qo‘shma g‘alabalarimiz tarixidir. Ishonchim komilki, mamlakatlarimiz bu dunyo uchun juda ko‘p foydali ishlarni qiladi va uni kelajak avlodlar uchun yanada yaxshi joyga aylantiradi”, deya nutqini yakunlagan O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari.

Ma’lumot uchun, ushbu forum bugun, 20 avgust kuni hukumat qarorgohida bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda Qirg‘izistonning birinchi xonimi Aygul Japarova hamda Qirg‘iziston va O‘zbekistonning taniqli ayollari ishtirok etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saida Mirziyoyeva Bishkekka safari chog‘ida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning qabulida bo‘lgani xabar qilingandi. Uchrashuvda tomonlar ikki tomonlama hamkorlik masalalarini, jumladan, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar va ta’lim aloqalarini mustahkamlash yo‘llarini muhokama qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Bishkek Saida Mirziyoeva forum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing