Chet elliklarga O‘zbekiston pasportini pullagan “pasport stol” boshlig‘i qamaldi
3-sahifa
−
29 iyul 2024 11822 2 daqiqa
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi “pasport stol” boshlig‘i chet el fuqarolariga O‘zbekiston fuqaroligini pullagani uchun 7 yilga qamaldi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Bildirilishicha, Z.A. MCHJ rahbari D.Sh. bilan birgalikda 9 nafar chet el fuqarosiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ID kartasi hamda xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirib bergan. Jinoiy sheriklar buning uchun chet el fuqarolaridan 4 ming dollardan 15 ming dollargacha pul mablag‘ini olib, o‘zaro taqsimlab olgan.
Jumladan, Z.A. 2022 yil noyabr oyida Rossiya fuqarosi K.D.ga noqonuniy tarzda ID karta va “qizil pasport” rasmiylashtirib bergan. U buni quyidagicha amalga oshirgan: mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda o‘ziga biriktirilgan “Ye-kalit” yordamida “Pasport-viza” tizimiga kirgan va aslida boshqa fuqaroga tegishli bo‘lgan fuqarolik pasportini K.D.ga tegishli bo‘lganligi haqida qalbaki elektron hujjatni yaratgan. So‘ngra K.D.ning go‘yoki fuqarolik pasportini yo‘qotib qo‘yganligi va ID karta rasmiylashtirib berish haqidagi arizasini olgan. Shu tariqa K.D.ga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining ID kartasi hamda xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirib berilgan.
Shuningdek, Z.A. IIV MFRBBning “Manzil” tizimiga kirib, hech qanday asoslantiruvchi hujjatlar mavjud bo‘lmasa-da, K.D.ni Toshkent shahriga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘ygan.
Z.A. jinoiy sherigi bilan birgalikda ayni shu usulda Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolariga ID karta hamda xorijga chiqish biometrik pasportlarini rasmiylashtirib bergan.
Z.A. bularning ayrimlarini Yakkasaroy tumani IIO FMB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i lavozimidan bo‘shatilganidan so‘ng, IIVning har qanday elektron tizimlardan foydalanish vakolatiga ega emasligiga qaramasdan, o‘ziga biriktirilgan “Ye-kalit”ni belgilangan tartibda topshirmasdan amalga oshirgan.
Live
Barchasi