Chernobil fojiasining yana bir toifa jabrlanuvchilariga ham pensiya beriladi

Jamiyat

image

I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shuningdek Chernobil AESdagi avariya tufayli mayib bo‘lish yoki kasallik oqibatida III guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga ham nogironlik pensiyalari to‘lanadi. Bugun, 3 fevral kuni Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida senatorlar shunday yangi tartibni nazarda tutuvchi “Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqib, ma’qulladi.

Qonun bilan Mehnat, Fuqarolik va Soliq kodekslariga hamda amaldagi “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunda nogironlik pensiyalari I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shuningdek Chernobil atom elektr stansiyasidagi avariya tufayli mayib bo‘lish yoki kasallik oqibatida III guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga ham tayinlanishi belgilanmoqda.Ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan yetim bolalarga 23 yoshga to‘lgunga qadar boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqi berilmoqda.

Mamlakat hududida karantinli vaziyat yuzaga kelib, cheklov choralari qo‘llanilgan taqdirda, fuqarolar pensiya tayinlashni so‘rab o‘z vaqtida murojaat eta olmay, cheklovlar tugatilganidan keyin bir oy ichida murojaat etsa, ularga pensiya olish huquqi yuzaga kelgan kundan e’tiboran pensiya tayinlanishi nazarda tutilmoqda. Bolani parvarishlash ta’tillarida bo‘lish vaqtini ish stajiga qo‘shib hisoblash jami davri 3 yildan 6 yilga o‘zgartirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

114

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing