Butun Ukraina bizniki – Putin
Olam
−
21 iyun 16566 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 20 iyun kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida (PMEF) Rossiyaning Sumi shahrini bosib olishga urinishini istisno etmadi.
Moderatorning Rossiya armiyasi Kreml “Rossiyaniki deb hisoblaydigan” Ukraina hududida oldinga siljishi haqidagi gapiga izoh berar ekan, Putin shunday dedi:
“Men rus va ukrain xalqlarini bir xalq deb bilishimni ko‘p marta aytganman, aslida. Shu ma’noda butun Ukraina bizniki”.
Ukrainadagi urush haqida gapirishda davom etar ekan, Putin “qadimgi qoida” deb atagan iborani aytdi.
“Bizda qadimiy qoida bor: rus askarining oyog‘i qayerga yetsa, o‘sha yer bizniki”, dedi u.
Shu bilan birga, Rossiya Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Kreml “Ukrainadan taslim bo‘lishga intilmayapti”:
“Biz joylarda yuzaga kelgan haqiqatlarni tan olishni talab qilamiz”, dedi u.
Putin, shuningdek, Rossiya armiyasining Ukrainaning Sumi shahrini bosib olishga urinishini ham istisno etmadi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi Sumi viloyatida 10-12 kilometrlik bufer zonasini yaratgan.
“Sakkiz, o‘n, o‘n ikki kilometr. Keyin Sumi shahri bor. Viloyat markazi. Bizda bunday vazifa yo‘q – Sumini qo‘lga olish. Lekin prinsipial jihatdan men buni istisno qilmayman”, dedi Putin.
Ma’lumot uchun, Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi joriy yilning 18–21 iyun kunlari Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tmoqda. 2025 yilgi forumning asosiy mavzusi “Umumiy qadriyatlar – ko‘p qutbli dunyoda o‘sishning asosi”.
Forumda yirik va o‘rta biznes vakillari, kichik korxonalar, xalqaro kompaniyalar, davlat idoralari, ekspertlar, ta’lim sohasi vakillari hamda yosh mutaxassislar va talabalar ishtirok etmoqda.
Live
Barchasi