Breket – tishsim, mikser – qorg‘ich: 41 ta so‘z o‘zbekchalashtirildi

Jamiyat

image

Brend – xosnom, dedlayn – so‘ngmuddat: 41 ta xorijiy o‘zlashma so‘zlarga o‘zbekcha muqobil taklif qilindi. Yangi atamalar orasida kundalik nutqda ishlatiladigan emoji, xeshteg, hostel kabi so‘zlarga ham o‘zbekcha variantlar berilgan. Bu haqda Atamalar komissiyasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, turli sohalarda keng qo‘llanilayotgan xorijiy atamalar tahlil qilinib, ularning o‘zbekcha muqobillari ishlab chiqilgan. Yangi variantlar o‘zbek tilining qoida va me’yorlari asosida shakllantirilib, ularni rasmiy muomalaga kiritilishi tavsiya etilmoqda.
Ro‘yxatdan bir qator kundalik va kasbiy sohalarda ishlatiladigan atamalar o‘rin olgan.

Bunda 41 ta xorijiy atamaning o‘zbekcha muqobili tasdiqlangan. Jumladan:

akkompanement – jo‘rnavoz;
antrakt – tanaffus;
arerssena – sahnaorti;
ASKUE – EHNAT (Energiya hisobi va nazoratining avtomatlashtirilgan tizimi);
banket – ziyofat;
bashmak – boshmoq;
BGS – DQU (Donalab quritish uskunasi);
BPLA – UHA (Uchuvchisiz havo apparati);
breket – tishsim;
brend – xosnom;
vebinar – vebyig‘in;
datchik – sezgich;
dedlayn – so‘ngmuddat;
dekoratsiya – sahnabezak;
DPO – MYAB (Maydalash-yanchish bo‘linmasi);
YeES – YAET (Yagona elektr tizimi);
inventarizatsiya – xatlov;
interaktiv – interfaol;
KVF – AVF (Aylanma vakuum filtri);
kommentariy – izoh;
mikser – qorg‘ich;
LVF – TVF (Tasmali vakuum filtri);
palatka – chodir;
negativ – salbiy;
penoplast – po‘kak;
penoblok – po‘kak g‘isht;
poligon TBO – QMCH maydoni (Qattiq maishiy chiqindilar maydoni);
probel – bo‘shliq;
rakovina – chanoq;
rasprodaja – arzonsotuv;
rubilnik – uzgich;
simptom – belgi, alomat;
SB (Sushilka barabannaya) – BQ (Barabanli quritkich);
suflyor – shivirchi;
trening – mashg‘ulot;
fitosanitariya – fitohimoya;
frilanser – erkin ishchi;
emoji – hisbelgi;
xeshteg – kalitso‘z;
shpaler – tokustun;
hostel – qo‘noquy.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan. Bunda 2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish konsepsiyasida ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni muntazam ravishda rasmiy muomalaga kiritib borish vazifasi belgilangan.

Mazkur vazifa doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi tomonidan turli soha va faoliyat yo‘nalishlariga oid atamalar tahlil qilinib, ularning o‘zbek tili qoidalari va me’yorlariga mos muqobillari ishlab chiqilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, ushbu yo‘nalishdagi ishlar doirasida turli fan va faoliyat sohalarida qo‘llanayotgan atamalar tahlil qilinib, ularning o‘zbek tili me’yorlariga mos muqobillari ishlab chiqilmoqda.

“Bu jarayon o‘zbek tilining ilmiy va rasmiy uslubdagi imkoniyatlarini kengaytirish, terminologik tizimni milliylashtirish, atamalarning yagona me’yor asosida qo‘llanishini ta’minlash hamda davlat tilining nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 iyul kuni “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar