Braziliyadagi vertolyotlar to‘qnashuvida mashhur qo‘shiqchi halok bo‘ldi (video)

Olam

image

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida havoda ikki vertolyot to‘qnashib ketishi oqibatida olti kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida amerikalik qo‘shiqchi va qo‘shiqlar muallifi Oliver Tri ham bor. Bu haqda “Sky News” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Oliver Tri jahon gastrol safari doirasida Braziliyada bo‘lgan. Hodisa Rio-de-Janeyroning Rekreyu-dus-Bandeyrantes tumanida sodir bo‘lgan. Vertolyotlarning birida besh kishi, ikkinchisida esa uchuvchi bo‘lgan. To‘qnashuv oqibatida bortdagi barcha insonlar halok bo‘lgan.

Qurbonlar orasida braziliyalik musiqa prodyuseri, argentinalik videorejissyor hamda YouTube blogeri Gaspar Prim ham bor.

To‘qnashuvdan so‘ng vertolyotlar elektromobillar avtosaloni avtoturargohiga qulagan va oqibatda 20 ga yaqin avtomobil yonib ketgan.

Mahalliy rasmiylar hodisa sabablarini aniqlash bo‘yicha tergov boshlagan. Kuchli yong‘in sabab qurbonlarning jasadlarini aniqlash jarayoni murakkablashgani ma’lum qilindi.

32 yoshli Oliver Tri Life Goes On, Miss You va Alien Boy kabi mashhur qo‘shiqlari bilan tanilgan. Uning ijodini Spotify platformasida har oy 11 milliondan ortiq tinglovchi kuzatib boradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya Qirollik harbiy-dengiz kuchlariga qarashli vertolyot Angliyaning janubi-g‘arbidagi Devon grafligida halokatga uchragan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing