Boy ruslar xitoylik enagalarni yollamoqda – NYT

Olam

image

Rus boylari xitoy tilida so‘zlashuvchi enagalarni yollashmoqda. Ular rus elita oilalari orasida talab katta bo‘lgan ingliz tilida so‘zlashuvchi enagalardan keyin ikkinchi o‘rinni egallab, fransuz tilida so‘zlashuvchilarni chetga surib qo‘ydi. Bu haqda 30 iyun kuni enagalik xizmatlarini ko‘rsatuvchi English Nanny kompaniyasi asoschisi Valentin Gogolga tayanib, “The New York Times” (NYT) yozdi.

NYT'ga bergan intervyusida Gogol xitoy tilida gaplashadigan enagalarga bo‘lgan talabni qondirish uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilayotganini va ularning maoshi oyiga 5000 dollarga yetganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, English Nanny mijozlari endi xitoy tilini ingliz tilini to‘ldiruvchi ikkinchi chet tili deb bilishadi.

“Bu Rossiyani xitoylashtirish jarayonining faqat bir jihati”, deya ta’kidlaydi NYT.

Shuningdek, rossiyalik talabalar va maktab o‘quvchilari orasida xitoy tiliga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshgani, ularning Xitoyda o‘qishga bo‘lgan qiziqishi, shuningdek, Xitoy madaniyati va mahsulotlari ommalashib borayotgani qayd etilgan.

“Yaqingacha hamma narsa G‘arbcha bo‘lib kelgan mamlakatda hayratlanarli narsa yuz berdi: Xitoy ruslar uchun orzu qilinadigan va modaga aylandi”, deb yozadi Amerika gazetasi.

Qayd etilishicha, so‘nggi uch yilda Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi va Pekin bilan siyosiy yaqinlashuvi fonida Xitoyga qiziqishning keskin ortishi kuzatilgan.

Ma’lumot uchun, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham nabirasi xitoy tilini bilishini eslatib o‘tgandi.

“Yaqin odamlarim, qarindoshlarim xitoy tilini o‘rganishayotganini aytganimda, nabiram haqida gapirgan edim. Uning o‘qituvchisi Pekinlik, u bilan xitoycha bemalol gaplashadigan”, degandi Putin.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Xitoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing