Bosh muharriri qamalgan nashr faoliyatini to‘xtatdi
Olam
−
14:41 1340 2 daqiqa
Qozog‘istonning “Orda.kz” nashri bugun, 1 sentyabrdan ish faoliyatini tugatdi. Bu haqda ushbu nashrning o‘zi xabar berdi.
Muassis Maqsat G‘aniyevning ma’lum qilishicha, bu OAVning zarar keltirayotgani bilan bog‘liq.
“Sabablari juda oddiy. Men “Orda.kz”ga kiritilgan olti yillik investitsiyalarim yakunini sarhisob qildim va chuqur zarardan hech bo‘lmaganda ozgina foydaga chiqish imkoniyati yo‘qligini tushunib yetdim. Men, eslasangiz, “Orda.kz”ga aynan biznes-loyiha sifatida qaragan edim”, deydi G‘aniyev.
Uning aytishicha, “Orda.kz” halol rejimda shaffof reklama shartnomalari hisobidan pul keltirishi mumkin, ammo bu ko‘p yillik investitsiyalarni qaytarishni aytmaganda, loyihaning o‘z-o‘zini qoplashiga ham zo‘rg‘a yetmoqda.
“Mediadan siyosiy o‘yinlar, feyk tarqatish va shantaj uchun foydalanishga esa hech qanday xohish yo‘q. Bu mening shaxsiy maqsadlarimga to‘g‘ri kelmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan G‘aniyev.
U bosh muharrir Anna Platonovaga va “tahririyatning barcha amaldagi xodimlariga” bajarilgan ishlar uchun minnatdorlik bildirgan.
Tahririyat bayonotida aytilishicha, “Orda.kz” bugun, 1 sentyabrdan o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Yopilish ham asosiy axborot resursiga, ham tahririyat bilan bog‘liq barcha ijtimoiy tarmoqdagi akkauntlarga, jumladan, YouTube-kanaliga ham taalluqli.
“Qabul qilingan qaror ortida hech qanday yashirin sabab yo‘q: tahririyat ishlab topgan pul uni ta’minlashga yetmayapti. Hozirgi vaziyatga olib kelgan boshqa hech qanday sabablar mavjud emas. Tahririyat o‘z majburiyatlari to‘liq hajmda bajarilishi uchun bor imkoniyatini ishga soldi”, deb qo‘shimcha qilgan tahririyat.
Ma’lumot uchun, “Orda” – 2020 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga 2025 yilning oxirigacha jurnalist Gulnor Bajkenova rahbarlik qilgan. U Qozog‘istondagi turli ijtimoiy-siyosiy voqealarni yoritib kelgan va yopilish vaqtida Telegram’da 136 ming, Instagram’da 335 ming va YouTube’da 379 ming obunachiga ega edi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning dekabr oyida “Orda” ofisida, shuningdek Bajkenovaning xonadonida tintuv o‘tkazilgan, shahar politsiya departamenti esa Bajkenovaning o‘ziga nisbatan bir nechta jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan edi. Ular orasida “yolg‘on axborot tarqatish”, “ishonib topshirilgan mulkni o‘zlashtirish” va “noqonuniy tadbirkorlik” kabi ayblovlar bor edi. Joriy yilning 8 avgustida u aybdor deb topildi va 14 yoshga to‘lmagan farzandi borligi sababli jazoni ijro etishni ikki yilga kechiktirish sharti bilan sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Live
Barchasi