BMT Isroilni ochlikni qurol sifatida ishlatishdan ogohlantirdi
Olam
−
22 Oktabr 2025 1891 2 daqiqa
Isroil urush olib borishda ochlikni vosita sifatida ishlatishni taqiqlovchi xalqaro normalarga rioya etishi shart. Bu haqda bugun, 22 oktyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xalqaro sudi raisi Yudzi Ivasava e’lon qilgan Falastin hududida xalqaro tashkilotlar ishtiroki bo‘yicha Isroil zimmasidagi majburiyatlarga oid maslahat xulosasida keltirilgan.
“Sud bir ovozdan shunday xulosaga keldi: Isroil urush olib borish vositasi sifatida ochlikni qo‘llashni taqiqlovchi qoidaga rioya etishi kerak”, deyiladi sudya o‘qigan bayonotda.
Xalqaro sud o‘zining maslahat xulosasida Falastin qochqinlariga xizmat qiluvchi asosiy BMT tashkiloti – Falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkil etish bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) betaraflik tamoyilini buzmaganini ham qayd etgan.
“Bosqinchi davlat hech qachon xavfsizlik sabablarini keltirib, bosib olingan hududda barcha gumanitar faoliyatni to‘liq to‘xtatishni oqlay olmaydi. Dalillarni o‘rganib chiqib, sud G‘azo sektoridagi mahalliy aholi yetarli darajada ta’minlanmagan degan xulosaga keldi”, deydi Yudzi Ivasava.
Bu xulosa BMT Bosh assambleyasi tomonidan 2024 yil dekabr oyida so‘ralgan. U paytda Isroil UNRWA faoliyatini mamlakat hududida taqiqlovchi qonunlarni qabul qilib, G‘azoga yordam yetkazish imkoniyatlarini keskin cheklab qo‘ygandi.
Xalqaro sud joriy yilning 28 aprel – 2 may kunlari davomida Falastin hududida xalqaro tashkilotlar ishtiroki yuzasidan Isroilning majburiyatlari bo‘yicha maslahat jarayonlarini o‘tkazgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida Yaqin Sharq mamlakatlari va boshqa ittifoqchilar HAMAS harakati vakillarini jilovlab qo‘yish uchun G‘azo hududiga qo‘shin kiritishga tayyor ekanini yozgan edi.
Live
Barchasi