Blinken Aliyev va Pashinyanga qo‘ng‘iroq qildi. Baku-Yerevan muammosi hal bo‘ladimi?
Olam
−
10 Oktabr 2022 3609 3 daqiqa
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bugun, 10 oktyabr kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon suhbatida Yerevan va Baku muammoni hal qilish uchun choralar ko‘rayotganini olqishladi. Bu haqda Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Ned Prays bayonotida aytiladi.
Hujjatda ta’kidlanganidek, Blinken Ozarbayjon va Armaniston tomonidan barqaror tinchlik kelishuvlariga erishish yo‘lidagi ijobiy qadamlar, jumladan, Tashqi ishlar vazirlari vayetakchilar o‘rtasida yaqinda o‘tkazilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar uchun o‘z minnatdorchiligini bildirgan. Praysning aytishicha, Blinken Ozarbayjonning 4 oktyabr kuni 17 harbiy asirning ozod qilinishini mamnuniyat bilan qabul qilgan va shuningdek, Prezident Aliyevni “tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlash” uchun choralar ko‘rishni davom ettirishga chaqirgan.
“Blinken Qo‘shma Shtatlar chegaralarni aniq belgilash, transport aloqalarini ta’minlash, bedarak yo‘qolganlarni aniqlash va qaytarish, mahbuslarni ozod qilish borasidagi harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi”, deyiladi bayonotda.
Davlat kotibi Qorabog‘ aholisining huquqlari va himoyasini muhokama qilish muhimligini, shuningdek, uzoq muddatli tinchlikka erishishning yagona yo‘li sifatida har ikki tomon o‘t ochishni to‘xtatish rejimini saqlab qolish va muzokaralar yo‘li bilan kelishuvga erishishga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidlagan.
Shuningdek, shu bugunning o‘zida Blinken, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanga ham qo‘ng‘iroq qilgan. Tomonlar Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi vaziyatni muhokama qilgan hamda Yerevan va Baku o‘rtasida tinchlik bitimini ishlab chiqish muhimligi haqida kelishib olgan.
“Suhbatdoshlar BMT Nizomi va 1991 yildagi Olmaota deklaratsiyasi asosida Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik shartnomasini ishlab chiqish, shuningdek, chegarani demarkatsiya qilish va Armaniston-Ozarbayjon chegarasida Yevropa Ittifoqi fuqarolik missiyasi faoliyatini ta’minlash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladilar”, Armaniston Vazirlar Mahkamasi xabarida.
Armaniston hukumati matbuot xizmati Pashinyan Amerika tomonining Ozarbayjon Qurolli kuchlari tomonidan 13-14 sentyabr kunlari Armaniston suveren hududida amalga oshirilgan agressiya oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuqori baholaganini ta’kidlagan.
“Tomonlar Ozarbayjon Qurolli kuchlarini Armaniston suveren hududidan olib chiqib ketish va o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga so‘zsiz rioya qilish zarurligini ta’kidladilar. Tog‘li Qorabog‘ armanlarining xavfsizligi va huquqlarini himoya qilish, Stepanakert va Baku o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish uchun xalqaro mexanizm yaratish, Ozarbayjonda saqlanayotgan arman harbiy asirlarni qaytarish masalalari muhokama qilindi”, deyiladi rasmiy Yerevan xabarida.
Tinchlik kelishuvi
6 oktyabr kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Chexiya poytaxti Pragada Yevropa siyosiy hamjamiyatining birinchi sammiti doirasida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel ishtirokida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Yevropa Ittifoqi Ozarbayjon bilan chegarasini delimitatsiya qilishda yordam berish uchun Armanistonga missiya yuborishiga kelishildi.Shuningdek, uchrashuvdan keyin Armaniston oktyabr oyi oxirida Bryusselda Ozarbayjon bilan davlat chegarasini delimitatsiya qilish bo‘yicha komissiya yig‘ilishi o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Ilhom Aliyevning aytishicha, Baku va Yerevan o‘rtasida tinchlik shartnomasi shu yil oxirigacha imzolanishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv bo‘yicha tashabbuslar osonlik bilan olg‘a siljayotgani yo‘q, biroq kelishuvga umid bor.
Live
Barchasi