Biznesmen-hokimga 3 yil: Ortiqxo‘jayev Toshkentga nima berdi?

Jamiyat

image

2018 yil 26 aprelda “Artel”, “Imzo” korxonalari muassisi Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahar hokimi lavozimiga tayinlangandi. Shunga ham, mana 3 yil to‘ldi. QALAMPIR.UZ toshkentliklar hokimning uch yillik faoliyatini qanday baholashini bilish maqsadida ijtimoiy tarmoqda so‘rovnoma o‘tkazdi.

So‘rovnoma savoli va javob variantlari quyidagicha edi:

Xo‘sh, Jahongir Ortiqxo‘jayevning 3 yillik faoliyatini qanday baholaysiz?

•    Qoniqarli
•    O‘rtacha
•    Qoniqarsiz

Bir necha soat davomida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Ortiqxo‘jayevning ishiga baho berishdi. Ortiqxo‘jayevga nisbatan monopolist, byurokrat kabi ta’riflar tez-tez tilga olinadi. Biroq, biz o‘tkazgan so‘rovnoma kutilmagan natija ko‘rsatdi.

So‘rovnomada 27,6 ming respondent ishtirok etdi. Ularning naq 50 foizi yoki 13 845 nafari Ortiqxo‘jayev faoliyatini “qoniqarli” deb topgan. 5 708 nafar yoki 21 foiz ishtirokchi hokimbuvaning 3 yillik mehnatini “o‘rtacha” baholagan va 29 foiz – 8 147 nafar ovoz beruvchilar “qoniqarsiz” variantini tanladi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev shahar hokimi bo‘lgach, shaharda ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Avvalo, odamlar hokimlikka arzini aytib borganida, ularga javob bo‘la boshladi. Hokimlik murojaatlarni ko‘rib chiqishi “jonlandi”. Shuningdek, qator qarovsiz hududlar tozalanib, saylgohlarga aylantirildi. Bayram tadbirlari mazmunliroq tashkil qilina boshladi va odamlarda unga qiziqish uyg‘ondi. Hokim bir necha marta shahar aholisining jiddiy e’tiroziga sabab bo‘layotgan masalalarga shaxsan aralashib, aholini tinchlantirish va murosa qilishga harakat qildi.

Tabiiyki, tanganing ikki tomoni bor. Ortiqxo‘jayev davrining ham o‘ziga yarasha “minus”lari talaygina, albatta. Toshkent so‘nggi 3 yilda ulkan qurilish maydoniga aylandi. Shaharda qurilish bo‘lmayotgan mahallani kunduzi chiroq yoqib ham topish mushkul holga keldi. Bu esa chang-to‘zonning ko‘payishiga, yuk mashinalarining haddan ortiq harakati sabab yo‘llar tezda ta’mirtalab holga kelishiga olib kelmoqda. Poytaxtda 3 yildirki, uy va xususiy mulklarning “jamoat ehtiyoji” uchun buzish to‘xtamayotir. Shahar Bosh rejasi esa yildan yilga kechikib kelmoqda. Toshkentda infratuzilma yangi qurilayotgan turar joylar darajasida o‘smayapti. Ichki yo‘llar ham havas qilgulik ahvolda emas.

Bugun Toshkentning zamonaviy qiyofasi qanday bo‘lishini, uni 10 yildan keyin qanday tasavvur qilishni taxmin qilish qiyin. Toshkent bugungacha, ta’rif joiz bo‘lsa, 1966 yildagi zilziladan keyin yaratilgan tarixiy va diqqatni tortuvchi betakror binolarga ega bo‘lgan ko‘rinishini yo‘qotdi. Tarixiy me’morchilik namunalarini topish qiyin bo‘lib qoldi. Chunki qisqa muddatda o‘nlab tarixiy binolar vayron qilindi. Ular o‘rnida esa zamonaviy shaharchalar bunyod etilmoqda. Albatta, bu shaharchalardan kimdir rozi, kimlardir aksincha, unga qarshi. Qolaversa, Jahongir Ortiqxo‘jayev davriga kelib, uysizlik, ishsizlik masalalari kun tartibiga chiqdi. Bu muammolar avvalgi hokimlar davrida ham bo‘lgan, biroq ovoz chiqarib aytilmagan. Shunday bo‘lsa-da, hozirgi hokimlikning bu boradagi harakatlarini muvaffaqiyatli deb aytishga erta, balki umuman yo‘qdir. Toshkentda aholi va hokimli o‘rtasida murosasizlik mavjud. Bugun aholi o‘zi istayotgan holatlar bo‘yicha hokimlik vakillari bilan uchrashishni, ular bilan muloqot qilishni, muammolarga yechim topishni va o‘zaro murosaga kelishni istaydi. Ana shunday uchrashuvlarning bir qanchasida muammolar murosa o‘rniga janjalgacha yetib borganiga guvoh bo‘ldik. Buni birgina “Moviy gumbazlar” xiyoboni o‘rnida qurilishi rejalashtirilayotgan bog‘ misolida ham ko‘rish mumkin. Bugun Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent rahbariyati deganda, ko‘z oldimizga birinchilardan bo‘lib keladigan inson. Lekin uning o‘rinbosarlari ham bor. Biroq xalq uning vakillarini deyarli tanimaydi, bilmaydi va ular bilan muloqot ham qilmaydi. Toshkent shahar hokimiyatida “zamhokim”lar va xalq o‘rtasida muloqot yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani hamma narsaga Ortiqxo‘jayev balogardon bo‘lib qolishiga olib kelmoqda. Toshkent shahar hokimi haqida gap ketganda uning yaxshi tadbirkor ekani birinchilardan bo‘lib aytiladi. Biroq u o‘zi kabi tadbirkorlar yetishib chiqishiga qanchalik yo‘l ochmoqda, muhitni qanchalik rivojlantirmoqda, bunisi hali mavhum. Negaki so‘nggi uch yilda Ortiqxo‘jayev kabi katta tadbirkorlar chiqqani yo‘q. Kichik biznes xususida gap ketganda esa Ortiqxo‘jayev davrida katta biznes yanada rivojlanib, o‘rta va kichik biznes qoloq holda qolayotganini ko‘rish mumkin. Tadbirkorlarning aksari esa hozirgi hokimiyatdan norozi.

Aytish joizki “ish bor joyda, kamchilik bo‘ladi”. Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimga katta ishonch bildirgan. U Ortiqxo‘jayevni rasman lavozimga tayinlash chog‘ida shunday degandi:

“Hozirgi islohotlarni tushunadigan, byurokratiyadan yiroq yigitni hokimlikka tayinlandim. Endi uning bugundan boshlab ikki karra mas’uliyati ko‘p. Sizlarga Toshkent shahrida biror to‘siq qilsa, vijdoniga havola”.


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev

Baholaganlar

510

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing