Bermud uchburchagi: afsonami yoki haqiqat?
Bu qiziq
−
08 noyabr 10894 6 daqiqa
Bermud uchburchagi Atlantika okeanining shimoli-g‘arbiy qismidagi taxminan Mayami, Bermud va Puerto-Riko bilan chegaralangan hududdir. Aniq statistika yuritilmasa-da, o‘tgan bir necha asrlar davomida ko‘plab kema va samolyotlar shu uchburchak hududda izsiz g‘oyib bo‘lgani to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud.

"National Geographic" nashrining yozishicha, bu hududning g‘ayrioddiy xususiyatlari ancha ilgari qayd etilgan. Xristofor Kolumb o‘z kundaligida bu joydagi g‘alati kompas yo‘nalishlari haqida yozgan. Ammo bu mintaqa 1964 yilning avgustiga qadar hozirgi nomi bilan atalmagan. Jurnalist Vinsent Gaddis o‘zining “Argosy” jurnalida chiqqan AQSH harbiy-havo kuchlarining 19 reysi yo‘qolishi haqidagi maqolasida “Bermud uchburchagi” atamasini eng birinchi bo‘lib ishlatgan. Ushbu maqolani afsonalar yaratish bo‘yicha butun bir “sanoat”ni boshlab bergan desa ham bo‘ladi. Masalan, yo‘qolgan kema va samolyotlarga nima bo‘lganini tushuntirish maqsadida ulkan dengiz maxluqlari, kalmarlar va hatto o‘zga sayyoralik mavjudotlar ishtirokidagi ko‘plab g‘ayrioddiy nazariyalar paydo bo‘lgan.

Ba’zi nazariyalarga ko‘ra, bu hodisalarga okeanning “gaz chiqarishi”, ya’ni metan gazining kutilmaganda suv yuzasiga otilishi sabab bo‘lgan. Ammo ko‘pchilik haqiqat bundan ancha jo‘nroq deb hisoblaydi: ba’zan tabiat beboshligi, insoniy xatolar, sifatsiz ishlab chiqarish yoki shunchaki omadsizlik – ko‘plab yo‘qolishlarni tushuntirishga yetarli.
19 reys

Bermud uchburchagi bilan bog‘liq shov-shuvli voqealardan biri 1945 yil 5 dekabr kuni sodir bo‘lgan AQSH dengiz flotining 19 reysi halokati hisoblanadi. O‘sha kuni soat 14:10 da bortida 14 kishi bo‘lgan beshta bombardimonchi samolyot Florida shtatining Fort-Loderdeyl shahridagi AQSH dengiz-havo bazasidan mashg‘ulot parvozi uchun havoga ko‘tarilgan. Parvozga leytenant Charlz Teylor rahbarlik qilgan. Ular uchburchak shaklidagi yo‘nalish bo‘ylab uchib, bomba tashlash mashqlarini bajarishi kerak edi. Ammo GPS mavjud bo‘lmagan o‘sha davrda Teylor bombardimon mashqidan so‘ng adashib qoladi. O‘sha yillarda suv ustida uchayotgan uchuvchilar faqat kompas va vaqt hisobiga tayanar edi: ular qaysi yo‘nalishda qancha vaqt va qanday tezlikda uchayotganlarini bilish orqali yo‘l topishardi.
Teylor samolyotidagi ikkala kompas ham nosoz bo‘lib, saqlab qolingan parvoz radioqaydlaridan ma’lum bo‘lishicha, uchuvchilar soat ham taqmagan. Okean o‘rtasida esa hech qanday yo‘l ko‘rsatuvchi belgi yo‘q edi, quyoshli kun esa qorong‘i va bo‘ronli kechaga aylangan. Teylor reja tuzgan: birinchi samolyotning yonilg‘isi 10 gallon (38 litr)gacha kamaygach, beshta samolyotning barchasi dengizga qo‘nishi kerak edi. Ular o‘tirgan Avenger samolyoti o‘ta mustahkam qurilma sifatida tanilgan. Dengiz tarixchisi Mark Evansning so‘zlariga ko‘ra, uchuvchilar ularni “temir qushlar” deb atagan. Ammo ular juda og‘ir edi: 4,5 tonnadan ortiq. Shuning uchun dengizga qo‘nish paytida samolyotlar tezda cho‘kib ketgan.

Keng miqyosli qidiruv ishlari olib borilganiga qaramasdan na jasadlar va na samolyot qoldiqlari topilgan. Qutqaruvga jalb qilingan samolyotlardan biri ham 13 kishilik ekipaji bilan birga g‘oyib bo‘lgan. Bu samolyot “Martin Mariner” deb nomlangan bo‘lib, “uchuvchi yoqilg‘i baki” laqabini olgan: kichkina uchqun yoki gugurt yoqilishi ham portlashga sabab bo‘lishi mumkin edi. Hududdagi bir kema aynan o‘sha paytda ulkan olov sharini ko‘rganini xabar qilgan – bu “Martin Mariner” bo‘lishi kerak bo‘lgan vaqt va joy bilan mos edi.
Dengiz flotining yakuniy hisobotida 19 reys yo‘qolishi uchuvchi xatosi deb baholangan. Ammo Teylorning oilasi bunga norozilik bildirgan va bir necha marta ko‘rib chiqilgandan so‘ng hukm “sabablari noma’lum” deb o‘zgartirilgan.
Bermud uchburchagida sodir bo‘lgan ba’zi shov-shuvli hodisalar
So‘nggi 500 yil ichida Bermud uchburchagida 50 dan ortiq kema va 20 ga yaqin samolyot sirli tarzda yo‘qolgan, ko‘pincha hech qanday iz, parcha yoki jasad topilmagan. Ushbu g‘oyib bo‘lishlarning bir qanchasini sanab o‘tsak.
“Ellen Ostin” (1881). Afsonaga ko‘ra, 60 metrlik “Ellen Ostin” nomli kema Liverpuldan Nyu-Yorkka ketayotganida Bermud uchburchagi hududidan suzib o‘tayotib, tashlandiq kemaga duch keladi. Ekipaj sirli kemani nazoratga olishga uringan va bir necha kishi unga o‘tadi. Biroq to‘satdan paydo bo‘lgan bo‘ron ikki kemani uzoqlashtirib yuboradi. Ular yana uchrashganida esa tashlandiq kemaga o‘tgan odamlar g‘oyib bo‘lgandi. Keyingi urinishda qalin tuman tushib, harakatni to‘xtatgan, tuman tarqalganida esa tashlandiq kema ko‘zdan yo‘qolgan.

“Siklop” kemasi (1918). AQSH harbiy dengiz floti kemasi "Siklop” ulkan yoqilg‘i tashuvchi kema bo‘lib, 309 kishilik ekipaj bilan Karib dengizidan Baltimorga ketayotgan paytda yo‘qolgan. Kema hech qanday texnik muammoga duch kelmagan, yordam signali ham yubormagan. Keng miqyosli qidiruvlar o‘tkazilgan, ammo na qoldiq va na iz topilgan. Bu halokat hanuzgacha AQSH harbiy dengiz floti tarixidagi eng katta sir sifatida qolmoqda.
“Proteus” va “Nereus” (1941). 1941 yilda harbiy yuk kemasi “Proteus” 58 kishilik ekipaji bilan Sent-Tomas orolidan AQSH sharqiy qirg‘oqlariga ruda tashiyotgan paytda yo‘qolgan. Oradan bir oy o‘tib, unga o‘xshash “Nereus” kemasi xuddi shu yo‘nalishda 61 odam bilan g‘oyib bo‘lgan. Ikkala kema ham topilmagan, ularning yo‘qolish sabablari esa hanuz noma’lum.
DC-3 samolyoti (1948). 29 yo‘lovchi va 2 ekipaj a’zosi bo‘lgan DC-3 tijoriy samolyoti Mayamiga yetishiga atigi 80 km qolganida g‘oyib bo‘lgan. Uchuvchi Robert Lindkvist qo‘nish uchun ruxsat so‘rab radio orqali murojaat qilgan, biroq to‘satdan aloqa uzilgan va samolyot izsiz yo‘qolgan.
Bermud uchburchagi: afsona va haqiqat

Keyingi yillarda ham bu uchburchak hududda yana ko‘p marotaba sirli yo‘qolishlar sodir bo‘ldi va uning “dahshatli obro‘”si oshib bordi.
Bermud uchburchagi Yer yuzidagi ikki sirli nuqtadan biridir. Ikkinchisi – Yaponiyaning sharqiy qirg‘og‘idagi “Shayton dengizi” deb ataluvchi hudud bo‘lib, u ham shunga o‘xshash sirli voqealarga shohid. Har ikki hududda kompas “aqldan ozadi”.

Shuningdek, dunyodagi eng chuqur suvosti jarliklaridan ba’zilari Bermud uchburchagida joylashgan. Shuning uchun ham halokatga uchragan kema yoki samolyot qoldiqlari okean tubining minglab metr chuqurligidagi “suvosti qabristoni”ga g‘arq bo‘ladi. Bermud uchburchagining katta qismi 6 ming metrgacha chuqurlikda joylashgan. Uning janubiy chekkasida esa Puerto-Riko jarligi 8,2 ming metr chuqurlikkacha yetadi. Bermud uchburchagi joylashgan hududni onlayn xaritada tomosha qilish uchun havolani bosing.
Tan olish kerak, Bermud uchburchagida hanuz o‘z izohini topmagan ko‘plab halokatlar sodir bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, mutaxassislar bu hududdagi halokatlar boshqa suvlardan ko‘pligini isbotlovchi faktor yo‘q deb hisoblaydi. Ularning fikricha, Bermud uchburchagi sirli joy emas, balki shunchaki geografik jihatdan okeanning bir qismi, u yerda tabiiy xavfli sharoitlar mavjud bo‘lishi ham normal. Masalan, iqlim jihatidan, bu hududda tropik bo‘ronlar, kutilmagan dovullar va suv ko‘tarilishlari tez-tez uchraydi. Ba’zida sodir bo‘ladigan Gulf Stream (juda kuchli dengiz oqimi) kema yoki samolyot halokati qoldiqlarini tezda ko‘zdan g‘oyib qilishga qodir. Ba’zi joylarda magnit shimol va haqiqiy shimol bir chiziqqa to‘g‘ri keladi, bu esa kompasning noto‘g‘ri ishlashiga sabab bo‘ladi. Qolaversa, navigatsiya xatolari, yo‘ldan adashish, uskunalar nosozligi va hatto charchoq kabi inson omillarini ham inkor etib bo‘lmaydi.
Live
Barchasi