Berdimuhammedov Mirziyoyevni tabrikladi
Jamiyat
−
24 iyul 4833 2 daqiqa
Bugun, 24 iyul kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni tug‘ilgan kuni munosabati bilan tabrikladi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligi (TDH) xabar berdi.
“Men chin dildan ishonamanki, sizning dono va uzoqni ko‘ra biladigan rahbarligingiz ostida O‘zbekiston yanada katta yutuqlarga erishadi. Biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stona va strategik munosabatlarni mustahkamlash borasidagi shaxsiy hissangizni yuksak qadrlaymiz hamda xalqlarimiz farovonligi yo‘lida ikki tomonlama hamkorlikni bundan keyin ham kengaytirishga umid qilamiz”, deyiladi davlat rahbarining tabrigida.
Prezident Serdar Berdimuhammedov Shavkat Mirziyoyevga mustahkam sog‘lik, baxt, oila tinchligi va davlat faoliyatida yangi yutuqlar, o‘zbek xalqiga esa tinchlik, yanada taraqqiyot va ravnaq tilagan.
Ma’lumot uchun, bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 68 yoshga to‘ldi.
Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi.
1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi.
1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.
Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi.
Shavkat Mirziyoyev 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.
U 2016, 2021 va 2023 yillarda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarida g‘alaba qozonib, O‘zbekiston Prezidenti etib saylandi.
Live
Barchasi