Benzema “Al-Hilol”ni tark etdi

Sport

image

Fransiyalik hujumchi Karim Benzema Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” futbol klubini tark etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tomonlar mavsum oxirigacha amal qilgan shartnomani o‘zaro kelishuv asosida bekor qilishga qaror qildi. Ispaniyaning As gazetasi xabariga ko‘ra, futbolchi allaqachon boshqa klublardan bir nechta taklif olgan va professional faoliyatini yakunlash niyatida emas.

Ma’lumot uchun, 38 yoshli Benzema fevral oyida “Al-Hilol” safiga qo‘shilgan edi. U o‘tgan mavsumda jamoa bilan Saudiya Arabistoni Qirollik kubogini qo‘lga kiritdi.

Bungacha, 2023 yil yozidan beri fransiyalik futbolchi “Al-Ittihod” safida to‘p tepib, u yerda Saudiya Arabistoni chempionati va mamlakat kubogi g‘olibiga aylangan.

Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tishidan oldin Benzema “Real Madrid” va “Lion” jamoalarida faoliyat olib borgan.

Hujumchi “Real Madrid” bilan besh marta Chempionlar ligasi va Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati, to‘rt marta Ispaniya chempionati, shuningdek, Ispaniya Superkubogi, UEFA Superkubogi hamda uch marta Ispaniya Kubogini qo‘lga kiritgan.

“Lion” safida esa u to‘rt marta Fransiya chempionati, ikki marta Fransiya Superkubogi va bir marta Fransiya Kubogida g‘olib chiqqan.

Benzema 2022 yilda Fransiyaning “France Football” jurnali tomonidan dunyoning eng yaxshi futbolchisiga topshiriladigan “Oltin to‘p” sohibi bo‘lgan.

Fransiyalik hujumchi “Real Madrid” safida jami 648 ta uchrashuvda maydonga tushib, 354 ta gol urgan va klub tarixidagi ikkinchi eng yaxshi to‘purarga aylangan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing