Belarus Erondan harbiy texnika sotib olib, Rossiyaga berayotgan bo‘lishi mumkin – siyosatshunos

Olam

image

Belarus Erondan raketa sotib olib, hamkorlik nomi ostida Ukrainaga qarshi foydalanishi mumkin. Chunki Belarus Rossiya frontiga qo‘shilish ehtimoli bor. Ya’ni, bu hamkorlik turli harbiy texnikani olib, Rossiya frontiga o‘tkazishni maqsad qilgan. Bu fikrlarni ozarbayjonlik siyosatshunos, sobiq davlat maslahatchisi Qobil Huseynli “Report” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

U Belarus Mudofaa vaziri Viktor Xreninning yaqin oradagi Eronga rasmiy tashrifini Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning Eronga tashrifiga o‘xshatgan.

“Ularning ikkalasi ham raketa ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qilishdan manfaatdor. Eronning fikricha, Belarus raketa yaratish masalalarida oldinda va undan ba’zi ilmiy-texnik yangiliklarni olishi mumkin. To‘g‘ri, ikkalasi ham raketa sanoati bilan jiddiy shug‘ullanadi. Lekin zamon talablari darajasida deyish qiyin. Shu bois qo‘shma hamkorlik natijasida raketa sanoatining yangi texnologiyalarini ishlab chiqish haqida o‘ylashmoqda. Ularning bu boradagi hamkorligi samarali bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish ham juda kulgili. Chunki bir-biridan olisda joylashgan, harbiy salohiyati unchalik e’tiborga molik bo‘lmagan Belarus qanday sharoitda, qaysi hududda va qanday qo‘shin turlari bilan birgalikda mashg‘ulotlar o‘tkazishini aytish mumkin emas”, deydi Huseynli.

Ekspert Belarusning maqsadi urushda Rossiyani qurol bilan ta’minlash ekanini aytgan.

“Belarus Rossiyaga shu paytgacha kamikadze dronlarini jo‘natardi. Hozir Rossiya raketalarni goh Shimoliy Koreyadan, goh Erondan sotib olishga harakat qilmoqda. Eron o‘rta masofaga uchuvchi raketalar sohasida ma’lum muvaffaqiyatlarga erishdi va Rossiyaning o‘zi Ukrainani yo‘q qilish uchun bunday raketalarni sotib oldi. Belarus ham Rossiya-Ukraina urushida foydalanish uchun Erondan raketa sotib olishga harakat qilmoqda. Boshqacha aytganda, ikki davlatning harbiy-siyosiy hamkorligi Ukrainaga qarshi qaratilgan. Belarus o‘z hududida raketalarni joylashtirishga rozi bo‘lgani uchun urushga qo‘shilgan ko‘rinadi. Bundan tashqari, Belarus va Rossiya armiyalarining qo‘shma shtab-kvartirasi tashkil etilgan va Rossiya armiyasining ba’zi qismlari Belarus hududida joylashgan. Aytish mumkinki, “Vagner” armiya guruhlari Belarusga joylashtirilib, ular Belarus armiyasini harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazganidan so‘ng mintaqada yangi urush sharoitlari vujudga keldi. Chunki “Vagnerchilar” Rossiya buyrug‘i bilan Polshaga ham, Boltiqbo‘yi respublikalariga ham tahdid solmoqda”, deydi siyosatshunos.

Shuningdek, u Eron yadro quroli bilan bog‘liq jarayonlarga e’tibor qaratib, Eron Belarus bilan aloqasi bor-yo‘qligidan qat’i nazar, uranni qayta ishlash jarayonini olib borayotganini aytib o‘tgan.

“Uranni tozalash darajasi allaqachon 81 foizdan oshdi va 90 foizga yaqinlashdi. Bu yadroviy qurol yaratish uchun yetarli darajada tozalangan uran degani. Ammo boshqa tomondan Isroil ham, AQSH ham Eron yadroviy qurol yaratishga yaqin kelganida unga hujum qilinishini bildirgan bayonotlar berdi”, deydi Qobil Huseynli.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Eron harbiy texnika Belarus'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing