Baku Rossiyani Ozarbayjon OAVga kiberhujumda aybladi

Olam

image

Ozarbayjon parlamentining tashqi aralashuv va gibrid tahdidlarga qarshi kurash bo‘yicha komissiyasi raisi Ramin Namozov joriy yilning 20 fevral kuni mamlakatdagi bir qator ommaviy axborot vositalariga qilingan kiberhujum Rossiya tomonidan amalga oshirilganini ma’lum qildi. Bu haqda “Report.az” xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum ortida Rossiya razvedka tuzilmalariga aloqador APT29 nomi bilan tanilgan kiberjosuslik guruhi – “Cozy Bear” (yoki “Midnight Blizzard”, “The Dukes”) turgan.

Namozov bu hujum Ozarbayjon-Rossiya o‘rtasidagi ittifoqchilik ruhiga zid ekanini ta’kidlagan.

“Bunday harakatlar ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik to‘g‘risidagi deklaratsiyaga va hamkorlik ruhi asoslariga to‘g‘ri kelmaydi”, deydi u.

Tekshiruvlar hujum sabablarini ham aniqlagan. Taxminlarga ko‘ra, bunga sabab Rossotrudnichestvoga qarashli “Rus uyi”ning Bakudagi faoliyati to‘xtatilgani va Rossiyaning “Rossiya Segodnya” (Sputnik) axborot agentligi vakolatxonasining Ozarbayjonda yopilgani bo‘lgan.

Ozarbayjon parlamenti a’zosi Sevil Mikoilova esa bu kabi kiberhujumlarning ortida ko‘pincha siyosiy sabablar turganini bildirgan. Unga ko‘ra, 17 yanvar kuni Ozarbayjon OAVlariga uyushtirilgan yana bir hujum Fransiyadan amalga oshirilgan.

Ma’lumot uchun, joriy yil 20 fevral kuni qator Ozarbayjon axborot agentliklari kiberhujumga uchragandi. Hujum oqibatida ularning bosh sahifalarida Ozarbayjonga qarshi “Hüseyniyyun” nomli shia guruhining logotipi paydo bo‘lgan.

“Hüseyniyyun” – Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi tomonidan Ozarbayjondan Eronga qochgan xomeyniychilar mafkurasi tarafdorlaridan tuzilgan shia guruhi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ozarbayjon kiberhujum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing