Baku AZAL qasddan qilingan hujum oqibatida qulagan deb hisoblamaydi – Aliyev
Olam
−
15 avgust 2025 6426 2 daqiqa
Baku AZAL samolyotining Qozog‘istonning Aqtau yaqinida halokatga uchrashiga qasddan uyushtirilgan hujum sabab bo‘lgan deb hisoblamaydi. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev “Fox News”ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Aliyevning aytishicha, Baku aybni rasman tan olishni talab qiladi.
“Bizning yagona talabimiz – bu faktni tan olish, jinoyat aybdorlarini jazolash va to‘liq kompensatsiya to‘lash”, deydi u.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, samolyot Rossiyaning Grozniy shahri hududida tashqi ta’sir oqibatida shikastlangan va bu boshqaruvni yo‘qotishga olib kelgan. Joriy yilning iyul oyida u Ozarbayjon Rossiyaga qarshi halokat bo‘yicha xalqaro sud instansiyalariga murojaat qilish uchun hujjatlar tayyorlayotganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 25 dekabr kuni Bakudan Grozniyga uchayotgan AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot Aqtau shahri yaqinida qulab tushgan edi. Samolyot bortida jami 67 kishi bo‘lgan – 62 nafar yo‘lovchi, 5 nafar ekipaj a’zosi. Ularning orasida Ozarbayjon, Rossiya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston fuqarolari bor edi. Halokat oqibatida 38 kishi, jumladan 6 nafar qozog‘istonlik halok bo‘lgan. 29 kishi tirik qolgan, ulardan ikkitasi bort kuzatuvchisi bo‘lgan.
“Rosaviatsiya” samolyot tuman sababli Grozniyga qo‘na olmaganini va Ukraina hujumlari sabab joriy etilgan “Kover” rejasi amal qilganini bildirgan. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa o‘sha paytda Chechenistonda dron hujumi qaytarilgani va havo mudofaa tizimi ishlaganini aytgan. Shuningdek, Putin o‘tgan yilning dekabr oyida Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, “samolyot bilan bog‘liq fojiali hodisa Rossiya havo hududida yuz bergani” uchun uzr so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston hukumati AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyotning Aqtau yaqinida qulashiga oid tergov natijalari bir necha oydan keyin e’lon qilinishini ma’lum qilgandi. Hozirda halokatga uchragan samolyotning ba’zi detallari chet elda ekspertiza qilinmoqda. Tergov jarayonida bir nechta xorijiy mamlakatlardan jalb qilingan xalqaro mutaxassislar ham ishtirok etmoqda.
Live
BarchasiErdo‘g‘an Saudiyaga bordi
03 fevral
Qashqadaryoda YPX mashinasi yonib ketdi
03 fevral