Avstraliya tarixida ilk ayol qo‘mondon tayinlandi
Olam
−
13 aprel 2912 1 daqiqa
Avstraliya hukumati general-leytenant Syuzan Koylni mamlakat Mudofaa kuchlari qo‘mondoni etib tayinladi. U Avstraliya mustaqillikka erishganidan buyon mamlakat armiyasiga qo‘mondonlik qiladigan ilk ayolga aylandi. Bu haqda Avstraliya Mudofaa vazirligiga tayanib, “Al Jazeera” xabar berdi.
Avstraliya Mudofaa kuchlarining rasmiy axborotiga ko‘ra, zahira qo‘shinlari korpusi rahbari Syuzan Koyl mamlakat Mudofaa kuchlari bosh qo‘mondoni etib tayinlangan. U sobiq qo‘mondon Saymon Styuartning iste’foga chiqishi munosabati bilan uning o‘rnini egalladi.
Koyl qariyb 40 yillik harbiy faoliyati davomida Avstraliya Mudofaa kuchlarining Afg‘oniston va Yaqin Sharqdagi bazalarida yuqori lavozimlarda ishlagan. Jumladan, Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlikda Afg‘onistondagi yirik harbiy operatsiyalarda ishtirok etgan va ularga rahbarlik qilgan. Mamlakat Bosh vaziri Entoni Albanezening ta’kidlashicha, ushbu lavozimga ayolning tayinlanishi armiyada ayol ofitserlar sonining oshishiga xizmat qiladi.
“Biz tariximizda ilk bor ayolni armiya qo‘mondoni etib tayinladik. Syuzanning yutug‘i kelajakda mamlakatimiz armiyasida xizmat qilishni istagan ayollar uchun katta turtki bo‘ladi”, deydi Bosh vazir.
Hozirda mamlakat Mudofaa kuchlaridagi yuqori lavozimlarning 18,5 foizini ayollar egallab turibdi. Hukumat 2030 yilga borib bu ko‘rsatkichni 25 foizga yetkazishni maqsad qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Daniyada 18 yoshga to‘lgan ayollar uchun ham majburiy harbiy xizmat joriy etilgani haqida xabar berilgan edi.
Hojiakbar Muhammadjonov
Live
Barchasi