Auksiondan 3,5 mlrdga bino olgan tadbirkor ko‘chada qoldi. Mulk daxlsizligi qani?
Jamiyat
−
07 yanvar 2020
182984 nafar odamni bir joyga to‘plab, yangi tadbirkorlik yo‘lga qo‘yish va uni rivojlantirish oson ish emas. Sizga atrofdagilar ko‘makdosh bo‘lsa ham, bunday ishga katta sabr va teran fikr kerak. Ammo yordam o‘rniga sizga zarar berishsa va xalaqit qilishsa-chi? Navbatdagi murojaatchi Jamshid Hakimov xorijga eksport qiluvchi tekstil fabrika egasidir. U auksionda qonuniy mulk olgan, biroq ma’lum vaqt o‘tib... Yaxshisi barcha ishlar haqida uning o‘zidan eshitsak:
“Men “Suntex prom” MCHJning ta’sischisi bo‘laman. Korxonamiz 2009 yilda tashkil topgan va tekstil mahsulotlar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. 2015 yilga kelib korxonamizda qo‘shimcha mablag‘ borligi sababli auksionda savdo markazini sotib oldik. Auksionda ekanligini reklama qilishganda, halol bo‘lsa kerak deb taxmin qilibmiz. Bizga g‘oliblik hujjatlarini berishdi. Kadastr hujjatlari qilindi.
U joyni ta’mirlab, bir yilcha foydalandik, ishchi o‘rin yaratdik. Keyin suddan xabarnoma keldi. Xabarnomada bizning joy noqonuniy sotilgani aytilgan. Birinchi instansiya sudi bizning ish to‘g‘ri qilinganini, hammasi to‘g‘ri bajarilganini aytdi. Keyin qarshi tomon apellyatsiyaga berdi. Yana sudbozlik bo‘ldi. Apellyatsiya instansiyasi da’vogar foydasiga, ya’ni mulkning oldingi egasiga qaytarib berdi. Biz hayron bo‘lib qoldik. Qonunga bo‘ysunishga majburmiz, joyni bo‘shatib berdik. Suddan tushuntirish so‘rasak, mulkni sotuvga qo‘yishda noto‘g‘ri ish qilingan va tugatish boshqaruvchisi jinoyat ishida ayblangani aytildi. Shu sababli auksion natijasi bekor qilinibdi”, deydi murojaatchi Jamshid Hakimov.
Oqlansa ham quloq solishmayapti
Murojaatchi bilan suhbatlashganimizda tugatish boshqaruvchiga nisbatan jinoyat kodeksining 205, 209 va 190-moddalar doirasida jinoyatda aybli deb topilgani ayon bo‘ldi. Biroq, bu sud hukmi bekor qilingan va tugatish boshqaruvchisi 209 va 190-moddalari bilan oqlangan. Ayblangan Ahmadjonov apellyatsiyaga bergan va 205-moddasi bo‘yicha aybi qolgan.
205-modda mulkni sotishga taalluqli bo‘lmagan deya qaytadan sudga murojaat qilishgan. Ahmadjonovning aybsizligi isbotlanganligi o‘z-o‘zidan hammasi qonuniy bo‘lganini ko‘rsatadi deya suddan madad kutishgan.
Auksionga ishongan to‘g‘ri tadbirkor zarari
“Bu insident eng asosiysi vaqtimizni olmoqda. Ikkinchidan, iqtisodiy tomonidan oyoqqa bolta urmoqda. Sababi biz bergan pulimizni ham ololmayapmiz, mulkimizni ham berishmayapti. Bugungi kunda Jizzax viloyatining Arnarsoy tumanida 1200 o‘rinli katta fabrikani qurib bitkazib, ishga tushirdik. Katta-katta shartnomalarimiz bor. Lekin bemalol ishlashga qo‘yishmayapti. Sudbozlik, qonuniy mulkimizni ololmasligimiz kabi ishlar “oyoqqa tepyapti”. Shuncha ishchi o‘rin yaratdik, pulga joyni sotib oldik, fabrika ishlari to‘xtab qoldi. Yurtboshimiz ikkita ishchi o‘rni yaratganni qo‘limda ko‘taraman deganlar. Biz 1200 ta ishchi o‘rni yaratsak, bu amaldorlar shunaqa qilyapti. 4 milliard so‘m kredit olganman. Hozir 1,4 milliardi qolgan. Uni qanday to‘layman? Xitoy va Rossiyaga eksport qilamiz. AQSH bilan shartnoma qilish arafasidamiz. Eksportchi tadbirkorga munosabat shunaqa bo‘ladimi?”, deydi murojaatchi keskin noroziligini bildirib.
Hujjatlarni ko‘rib chiqib, to‘g‘risi bu tadbirkorga achindik. Katta fabrikani ishga tushirgan va qonuniy tarzda Toshkentdan mulk sotib olgan. O‘zining halol mulkidan foydalanay deganda, mana bunday “o‘yinlar” bo‘lib turibdi. Ham mulkidan ayrilgan, ham vaqtidan, ham davlatga bo‘lgan ishonchdan... Qonuniy sotib olingan mulkning daxlsizligi shu-mi endi?
Shu o‘rinda, mamlakatda qonuniylikni ta’minlovchi organlarga bir so‘zimiz bor: tahririyatga tadbirkorlar tomonidan yo‘llanayotgan murojaatlarning har ikkitasidan biri mulk huquqi masalasidadir: birining hokim qarori asosida olgan yeri tortib olingan, birining binosi... Qonunga ishongan odam davlat auksionlariga ishonib mulk sotib oladi. Ma’lum vaqt o‘tib esa mulk noqonuniy tenderga yoki auksionga chiqarib qo‘yilgani aytiladi. Mulk qaytarib olinadi. Xaridor ham binosiz, ham pulsiz qoladi.
Bunday muammolar yuzaga kelmasligi uchun kimlar mas’ul? Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Majburiy ijro byurosi, sud organlari! Tadbirkor va mulkdorlar qachongacha bunday sarson qilinadi? Ular kimga ishonsin? Qonun himoyachisi bo‘lgan prokurorlar bir mulk noqonuniy sotuvga chiqmasligi uchun sizlar javobgar emasmi? Qanday qilib mulklar noqonuniy sotuvga chiqarilmoqda?
Savollar bisyor, javoblar esa hozircha yo‘q. Tez orada yuqoridagi tashkilotlar tomonidan murojaat ijobiy hal qilinishiga umid qilamiz.
LiveBarchasi