“Asr aviahalokati”da Rossiya aybdor deb topildi
Tahlil
−
12 iyul 15553 8 daqiqa
Rossiyaning 11 yillik jinoyatiga hukm
Havoda yuz bergan falokatlar haqida gap ketganda, bugungi kunda ko‘pchilikning ko‘z oldiga faqat Grozniy osmonida shikastlanib, Aqtauda qulagan Ozarbayjon samolyoti yoki bir necha oy oldin Hindistonda yuz bergan avihalokat kelishi mumkin. Ammo bundan 11 yil muqaddam Rossiyaning Ukraina sharqidagi separatistlari tomonidan urib tushirilgani iddao qilinadigan Malayziya fuqarolik samolyoti va undagi 298 kishining o‘limi hali ham ancha-muncha insonlarning yodidan ko‘tarilmagan. 2014 yil Rossiyaning Ukrainadagi insoniyatga qarshi jinoyatlari avjiga chiqqan mahal, 17 iyul kuni Malayziyaga tegishli 17 reys Amsterdamdan Kuala-Lumpurga qarab yo‘l oladi. Mazkur Boeing 777 yo‘lovchi samolyoti Ukraina sharqidagi qishloqlardan birining ustidan uchib o‘tayotgan paytda Moskva tomonidan boshqariladigan bo‘lginchi isyonchilar Rossiyada ishlab chiqarilgan raketa yordamida uni urib tushirgani davo qilinadi. Uning ichidagi barcha 298 yo‘lovchi va ekipaj a’zolari halok bo‘ladi. Hech kim tirik qolmaydi. Vafot etganlarning katta qismi, aniqrog‘i 196 nafari Niderlandiya fuqarolari edi. Aynan shuning uchun ham bu jinoyat 11 yildan buyon qayta-qayta e’tibor markaziga chiqaverardi. Bugunga qadar bu ish yuzasidan ko‘plab tergov va sud jarayonlari tashkil etildi. Agar samolyotda halok bo‘lgan fuqarolarning aksar qismi Malayziyaga tegishli bo‘lganda ushbu aviahalokatning tagi bu qadar surishtirilardimi yoki yo‘q bunisi noma’lum. Ammo endi oradan 11 yil o‘tib unda halok bo‘lganlarning yaqinlari, oila a’zolari hech bo‘lmaganda ma’nan g‘alabaga erishdi, qaysidir ma’noda o‘zlari va marhum yaqinlari uchun adolatni tiklashdi. Bugun shu daxshatli halokatning tafsilotlarini bayon qilish va eslash uchun ortga 2014 yilning 17 iyul kuniga qaytishga harakat qilamiz. Joriy yil Hindistondagi samolyot qulagunga qadar XXI asrning eng halokatli qulashi bo‘lgan bu voqea qanday sodir bo‘ldi? Uni kim qildi? Ijrochilar ortida kim turgandi?
Voqea qanday sodir bo‘lgandi?
2014 yil 17 iyul kuni soat 10:31da Malaysia Airlanes aviakompaniyasiga tegishli 17-reys Amsterdamning Shifol aeroportidan Kuala-Lumpurga qarab yo‘l oldi. U muntazam ravishda rejalashtirilgan reys edi. Unda 15 kishidan iborat ekipaj va 283 yo‘lovchi bo‘lib, umumiy hisobda 298 nafar inson uchayotgandi. Shularning 193 nafari niderlandiyalik edi. Parvoz marshruti butun Ukraina hududi, shu jumladan, Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan ayirmachilar va hukumat kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar ketayotgan mamlakatning sharqiy qismini qamrab olgandi. Bu paytda Qrim allaqachon anneksiya qilingan, Ukraina sharqida esa Rossiya kuratorligi ostidagi separatistlar qo‘zg‘algandi. 17-reys Ukraina aviatsiya ma’murlari tomonidan o‘rnatilgan minimal balandlik chekloviga muvofiq, taxminan 10,000 metr balandlikda ushbu mintaqa ustidan uchib o‘tayotgan edi. Huddi shu kuni Ukraina harbiy transport samolyoti pastroq masofada parvoz qilayotganda urib tushirilgandi.
O‘sha kuni Malayziya layneri yolg‘iz emas edi. U bilan deyarli bir paytda yana 3 ta xorijiy yo‘lovchi samolyoti ham shu radar nazorati sektorida bo‘lgan. 17-reys Rossiya chegarasiga yaqinlashganda, salon ekipaji Dnepropetrovsk, Ukraina va Rostov-na-Donu shaharlaridagi havo harakatini nazorat qiluvchilar bilan tushki soat 13:20ga qadar muntazam aloqada bo‘ldi. Shundan so‘ng, 17-reysdan og‘zaki aloqa to‘xtatildi, ammo hech qanday favqulodda signal olinmadi. Soat 13:26dan biroz oldin samolyot radarlardan g‘oyib bo‘ladi. Guvohlarning xabar berishicha, havoda portlash sodir bo‘lgandi. Samolyot vayronalari 50 kvadrat kilometr maydonga tarqalib ketadi. Eng katta halokat parchalari ayirmachilar nazorati ostidagi Ukraina sharqidagi Donetsk viloyatining Horlivka tumanida joylashgan Xrabove qishlog‘idagi qishloq xo‘jaligi yerlarida va aholi punktlarida topiladi. Qutqaruvchilar voqea joyiga zudlik bilan yetib kelishadi, ammo bu paytda samolyotda bo‘lgan insonlarning birortasi omon qolmagandi. 15 nafar ekipaj a’zosi, 193 nafar niderlandiyalik va boshqa yana 10ga yaqin millatga mansub yo‘lovchilar, barcha-barchasi halok bo‘lgandi.
Ayirmachilar samolyot ovozi va ma’lumotlarini qayd qiluvchi qurilmalar, jumladan, qora qutini Malayziya rasmiylariga topshirgani ma’lum qilinadi. Biroq keyinchalik uzoq davom etgan qurolli mojaro mazkur ish bo‘yicha tergovni ancha murakkablashtirdi. Niderlandiya Mudofaa vazirligi tomonidan tashkil etilgan missiya voqea sodir bo‘lganidan uch yarim oy o‘tgach, noyabr oyigacha voqea joyiga yetib bora olmaydi. Ammo halokatga sabab bo‘lgan aybdorlarni aniqlash ishlari baribir davom etdi.
11 yilga cho‘zilgan o‘rganishlar
Dastlabki o‘rganishlar davomida mutaxassislar yozib olingan ma’lumotlar va qoldiqlarni tahlil qilishdi. Samolyotning fyuzelyaj ya’ni tana qobig‘i qisman rekonstruksiya qilindi. Noqulay ob-havo, uchuvchi xatosi, mexanik nosozlik yoki bortdagi yong‘in va portlash ehtimollari istisno qilindi. Yakunda esa ular aviahalokat Rossiyaga tegishli Buk nomli, shuningdek, SA-11 deb ham ataladigan yer-havo tizimidan uchirilgan raketaning portlashi natijasida sodir bo‘lgan degan xulosaga kelishdi. Mazkur raketa 17-reysning balandligiga yetib borishga qodir emas edi. Ammo uning jangovar kallagi bir necha fut uzoqlikda portlagan va uning shrapnellari fyuzelyajga yetib borgan degan xulosaga kelindi. Natijada samolyot ekipaji bir zumda halok bo‘lgan, uning oldingi qismi uzilib qolgan. Qanotlar, yo‘lovchilar bo‘linmasi va dumi bir-biridan ajralib, yerga kamida bir daqiqadan ko‘proq vaqt o‘tib qulagan.
Halokatdan so‘ng darhol Ukraina hukumati rossiyaparast bo‘lginchilar samolyotni urib tushirgani haqida gapirgan audiolarni tarqatdi. Ayirmachilar va ularning rossiyalik qo‘llab-quvvatlovchilari bu ayblovni rad etdi. Keyinroq Rossiya BMTning voqea uchun aybdor bo‘lgan tribunal yaratish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi. 2016 yilning sentabrida Niderlandiya boshchiligidagi prokuratura guruhi samolyotni urib tushirgan raketa Ukrainadagi separatistlar nazorati ostidagi hududda Rossiyadan olib kelingani haqida dalillarni taqdim etdi. Keyingi yili xalqaro prokurorlar guruhi ishda gumon qilinuvchi har qanday shaxs Niderlandiyada sud qilinishini e’lon qildi. Biroq, gumonlanuvchilarni ekstraditsiya qilish imkonsiz edi. Shunga qaramay, 2019 yilning 19 iyunida Gollandiya prokuraturasi 17-reysning urib tushirilishi munosabati bilan to‘rt kishiga – uch nafar rossiyalik va bir ukrainalikka qarshi ayblov qo‘ydi. Ularning hammasi Ukraina sharqidagi Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan harbiy amaliyotga aloqador bo‘lgan va uch nafar rossiyalik Rossiya razvedka idoralari bilan aloqada bo‘lgani aytildi. Eng ko‘zga ko‘ringan gumonlanuvchi Igor Girkin bo‘lib, prokurorlar uni Rossiya Federal Xavfsizlik Xizmatining sobiq polkovnigi deb e’lon qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Girkin Donetskda Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan qo‘shinlarga qo‘mondonlik qilgan. 17-reys halokatga uchraganidan bir oy o‘tib esa Rossiyaga qaytgan. Gollandiya tergov guruhi laynerni urib tushirgan “Rossiya raketa uchirgichni taqdim etganini ko‘rsatuvchi dalillar”ga ega ekanligini qat’iy ta’kidlagan. 2022 yilning noyabrida Niderlandiya sudi Girkin va yana ikki kishini qotillikda aybdor deb topdi. Sud, shuningdek, samolyotni vayron qilgan raketa Rossiyadan kelgani va u Rossiya tomonidan bosib olingan hududda Rossiya boshchiligidagi qo‘shinlar tomonidan uchirilgan deb qaror chiqaradi.
11 yillik jinoyat uchun adolatli qaror
Yevropaning inson huquqlari bo‘yicha oliy sudi 9 iyul kuni Kiyev va Niderlandiya tomonidan Ukrainadagi o‘n yildan ortiq davom etgan vahshiyliklarda Rossiyani ayblovchi to‘rtta ish bo‘yicha hukm chiqardi. Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi sudyalari Rossiyani xalqaro huquqning keng miqyosdagi buzilishi kabi holatlar, jumladan, qotillikdan tortib, qiynoqlar, zo‘rlash, fuqarolik infratuzilmasini vayron qilish va keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng ukrainalik bolalarning o‘g‘irlab ketilishigacha aybdor ekanini qayd etdi. E’tiborli jihati shundaki, bu ayblovlar ichida naqd 11 yildan buyon muhokama qilinadigan Rossiyaning havodagi eng yirik jinoyatlaridan biri deb hisonlanadigan – 2014 yilda Malaysia Airlines aviakompaniyasining Niderlandiyadan qaytayotgan 17-reysini Donetsk osmonida urib tushirish voqeasi ham o‘rin oldi. 501 sahifadan iborat sud qarorida Rossiyaning sud jarayonida ishtirok etishdan bosh tortishi ham sudning asosi bo‘lgan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining buzilishi ekani qayd etilgan. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov hukm haqidagi savolga “Rossiya unga bo‘ysunmasligini” bildirdi. Malaysia Airlines aviakompaniyasining 17-reysidagi halokat qurbonlarining oilalari bu qarorni 11 yillik adolat yo‘lidagi kurashda muhim bosqich deb hisoblamoqda. Sudyalar Rossiyaning MH17 reysidagi halokatga aloqadorligini tan olishdan bosh tortishi ham xalqaro huquqning buzilishi deb topdi.
Bu yaqingacha “asr aviahalokati” edi
Tarixda juda ko‘p avihalokatlar sodir bo‘lgan. Ular ichida eng ayanchlilari, albatta, XX asrda ro‘y bergan. Bu esa ko‘p jihatdan asrda aviatsiya sohasidagi xavfsizlik yetarli darajada taminlanmagani bilan bog‘liq. 1985 yilda Irlandiya osmonida qulagan Hindistonga tegishli samolyotda halok bo‘lgan 329 kishi, 1974 yilda Parij chetida qulagan Turkiyaga tegishli samolyotda jon bergan 346 nafar inson voqealari shular jumlasidandir. Ammo XX asrdagi eng daxshatli aviahalokatlar 1985 yil Yaponiyada va 1977 yilda Kanar orollarida sodir bo‘lgan. Yaponiyadagi halokat 505 kishining umriga zomin bo‘lgan bo‘lsa, Kanardagi mudhish voqeada 583 kishi hayotdan ko‘z yumgandi.
XXI asrdagi turli sohalarda kuzatilgan rivojlanish dinamikasi osmonni insoniyat uchun xavfsiz hududga aylantira olmadi. Asr davomida yuz bergan aviahalokatlardagi qurbonlar soni o‘tgan yuz yillikdagisiga qaraganda ancha kamaygan bo‘lsa-da, bu havo hududi tinch bo‘ldi degani emas. XXI asrning dastlabki choragida yer shari aholisi ko‘plab jiddiy aviahalokatlarni boshdan kechirdi. Ammo ular ichidagi eng daxshatlisi va eng ko‘p inson qurbon bo‘lgani uzoq yillar davomida yuqorida muhokama qilingan Donetskdagi ayanchli halokat bo‘lib keldi. 7 oy oldin Ozarbajon samolyotini urib tushirganlikda ayblanayotgan Rossiya esa bu ishda ham uzoq yillar davomida asosiy gumonlanuvchi bo‘lib keldi. Yakunda esa u mazkur “asr aviahalokati”da rasman aybli deb topildi.
2025 yilgacha asr davomida sodir bo‘lgan hech bir aviahalokatda 298 kishi qurbon bo‘lmagandi. Albatta, 2001 yil 11 sentabrdagi ikkita terakt bundan mustasno. Ammo joriy yilning 12 iyun kuni Hindistonning Gujarat shtati Ahmadobod shahrida sodir bo‘lgan hodisa oqibatida samolyot bortida bo‘lgan bir yo‘lovchidan boshqa barcha 241 kishi, shuningdek, uchoq qulagan talabalar yotoqxonasidagi 35 kishi – jami hisobda esa 316 nafar odam halok bo‘ldi. Shundan so‘ng ayni asrning eng ayanchli va eng ko‘p qurbon olib kelgan aviahodisasi aynan shu bo‘lib qoldi.
Live
Barchasi