“Arqadag‘” o‘g‘lidan uni ta’tilga chiqarishni iltimos qildi
Olam
−
26 mart 2022 12920 1 daqiqa
Turkmanistonning sobiq Prezidenti, Xalq maslahati (Senat) ning amaldagi rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov 1 apreldan boshlab mehnat ta’tiliga chiqadi. Bu haqda “Turkmaniston ovozi” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 25 mart kuni Ashxobodda Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida yangi tarkibdagi hukumat yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvda Xalq maslahati rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov ko‘p yillardan buyon qizg‘in ish tartibi bilan faol siyosiy hayot kechirib kelayotgani uchun mamlakat rahbaridan unga ta’til berishni so‘ragan. Serdar Berdimuhamedov otasining iltimosini bajarishga va’da bergan.
“Xalq maslaxati raisi ta’tilning bir qismi tugallanmagan kitoblarni tugatishga, qolgan qismi parlament darajasidagi muhim xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rishga sarflanishini tushuntirdi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, so‘rovda qonun chiqaruvchi organ raisi o‘rinbosari Qosimguli Babayevni parlament palatasining muvaqqat rahbari etib tayinlash ham bor edi.
Qayd etish kerakki, Hukumatning yangi tarkibida avvalgi rais o‘rinbosarlarining qariyb barchasi o‘z lavozimlarini saqlab qolgan, Serdar Berdimuhamedovning sobiq lavozimini esa Muxammetguli Muxammedov egallagan.
Ma’lumot o‘rnida, Turkmanistonda joriy yilning 12 mart kuni prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. 15 mart kuni amaldagi davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li Sardor Berdimuhamedov saylovda 72,97 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongani ma’lum qilindi.
Live
Barchasi