Arizonadagi ikki jinoiy to‘da otishmasida 10 kishi yaralandi

Olam

image

AQSHning Arizona shtati Tuson shahri markazi yaqinidagi gavjum tijorat hududida sodir bo‘lgan ommaviy otishma oqibatida 10 kishi, jumladan gumondor ham yaralandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, hodisa kecha, 19 iyul kuni mahalliy vaqt bilan tungi soat 02:00 atrofida yuz bergan. Piyoda patrulda bo‘lgan politsiya xodimlari o‘q ovozini eshitgach, voqea joyiga yetib borgan va gumondorga bir necha bor taslim bo‘lish buyrug‘ini bergan. Buyruqlar bajarilmaganidan keyin politsiya unga o‘q uzgan.

Tuson politsiyasi vakili Frenk Magosning aytishicha, xodimlar gumondorga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan, shundan so‘ng u hayoti uchun xavfli ahvolda shifoxonaga olib ketilgan. Yana to‘qqiz nafar jabrlanuvchi politsiya yetib kelishidan oldin o‘q yegan. Ular og‘ir ahvolda shifoxonalarga yotqizilgan bo‘lib, ko‘pchiligi qo‘l va oyoq qismiga o‘q tekkan. Barcha jabrlanuvchilar voyaga yetgan shaxslar ekani, politsiya xodimlari esa jarohat olmagani bildirilgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar otishmaga nima sabab bo‘lgani haqida rasmiy ma’lumot bermagan. Hodisa kechasi ko‘chada odamlar ko‘p bo‘lgan paytda sodir bo‘lgan. “KGUN-TV” telekanali politsiya manbalariga tayanib xabar berishicha, otishma o‘zaro tanish bo‘lgan ikki guruh o‘rtasidagi janjal ortidan boshlangan va tasodifiy yo‘lovchilar ham o‘q ostida qolgan.

Tuson shahri meri Regina Romeroning ma’lum qilishicha, qurollangan shaxs gavjum joyda tartibsiz ravishda o‘q uzib, to‘qqiz kishini yaralagan. Uni politsiya xodimi to‘xtatgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha jabrlanuvchilarning ahvoli barqarorlashtirilgan va ularning to‘liq sog‘ayib ketishiga umid qilinmoqda.

Gun Violence Archive ma’lumotlariga ko‘ra, Tusondagi hodisa 2026 yil boshidan buyon AQSHda qayd etilgan 257-ommaviy otishma bo‘ldi. Tashkilot ommaviy otishma deb kamida to‘rt nafar kishi halok bo‘lgan yoki yaralangan qurolli hujumlarni hisoblaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Meyn shtati Biddeford shahrida Immigratsiya va bojxona nazorati (IBN) xodimlari ishtirokidagi otishma oqibatida bir kishi halok bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing