Aripov va Umurzoqov binolarning 1-qavatidagi kafe va do‘konlarni buzish bo‘yicha ko‘rsatma bergani rad etildi
Jamiyat
−
01 iyun 2023 14217 3 daqiqa
Tarmoqlarda poytaxt Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan ayrim do‘konlar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari buzilayotganidan norozilikni aks ettirgan axborotlar tarqaldi. Xabarlar yuzasidan Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Toshketning Mirzo Ulug‘bek tumani Markaz-1 (S1) dahasida joylashgan 27, 28, 30, 31-sonli turar-joy binolarining pastki qavatlarida tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tashkil etilgan do‘kon, umumiy ovqatlanish shoxobchalari buzib tashlanishi haqida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov qaror chiqargani aytilgan.
Shuningdek, Markaz-1 dahasida istiqomat qiluvchi fuqarolar o‘zlari yashab turgan uylarning pastki qavatlarida tashkil etilgan ob’ektlarning faoliyatidan noroziligini bildirib, ularning shovqini, taomlarning hidi, ularga qatnaydigan aholining transport vositalari qator noqulayliklarni keltirib chiqarayotganidan arz qilgan.
Hokimlik munosabatida keltirilishicha, ushbu murojaatlar asosida vaziyat shahar hokimligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘rganilgan. Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan shaharsozlik normalarining qo‘pol buzilgani, o‘zboshimchalik bilan noqonuniy tarzda binolarning konstruksiyalarida o‘zgartirishlar kiritilgani va shaharsozlik normalariga zid ravishda qurilishlar amalga oshirilgani aniqlangan.
“Shuni alohida qayd etish lozimki, ushbu vaziyatni o‘rganish va tegishli choralarni ko‘rish Toshkent shahar hokimligi tomonidan amalga oshirilgan. Mazkur jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mutasaddilari ishtirok etmagan va ko‘rsatma bermagan”, deya urg‘ulangan hokimlik bayonotida.
Tegishli mutaxassislar qaroriga ko‘ra, turar-joy binolariga doir Shaharsozlik normalari va qoidalarining 6.2. bandida keltirilishicha, ko‘p kvartirali turar-joy uylarning ichki tutashtirib qurilgan xonalarida quyidagilarni joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi:
• 35 o‘rindan ko‘p bo‘lgan, ochiq qo‘ra va mangal ishlatib issiq ovqat tayyorlaydigan, musiqa jo‘rligiga ega ovqatlanish korxonalari;
• soat 22:00 dan keyin ishlaydigan barcha xizmat ko‘rsatish korxonalari;
• jarayonlari shovqinli va yengil alangalanuvchan materiallar qo‘llaniladigan maishiy xizmat korxonalari.
Bundan tashqari, Shaharsozlik normalari va qoidalarining ko‘p xonadonli uylarda xonalarni rekonstruksiya qilish, o‘zgartirish va qayta uskunalash bo‘yicha binolar xavfsizligini ta’minlash qismining 7.3. bandiga muvofiq ko‘p xonadonli turar joy binolarida:
• rekonstruksiya qilinayotgan xonalarda orayopma plitalariga va zinapoya sathlariga ta’sir qiluvchi me’yoriy yuklanishlarni ortib ketishiga sabab bo‘luvchi qurilma va asboblarni qo‘llash;
• tutash va yuqoridagi (pastdagi) xonalarga zarar yetkazilishining oldini oluvchi maxsus tadbirlarsiz ishlash;
• evakuatsiya yo‘llarini, boshqa umumiy foydalanish joylarini (zinapoya maydonchalari, umumiy yo‘laklar, pod’ezd, ayvon va boshqa xonalar), shuningdek, turar joy binosi atrofidagi hududni to‘sib qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ko‘p qavatli binolarga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritilishi uning seysmik mustahkamligi hamda zilzilabardoshligiga jiddiy salbiy ta’sir o‘tkazadi.
Hokimlik bayonotida binolar buzilishi yoki buzilmasligiga aniqlik kiritilmagan. Faqatgina ushbu ob’ektlarda yuqorida sanalgan shaharsozlik normalari buzilgani sababli amaldagi qonunchilik asosida tegishli choralar ko‘rilishi aytib o‘tilgan.
“Yuqorida keltirilgan manzildagi ob’ektlarda ushbu normalarning barchasi buzilgan, shu sababli mazkur ob’ektlar shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqlashtirilmoqda. Ya’ni tadbirkorlarga nisbatan hech qanday noqonuniy hatti-harakatlar qilingani yo‘q, balki O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi asosida tegishli choralar ko‘rilmoqda”, deyiladi hokimlik munosabatida.
Nurmuhammad Fayzullayev
Live
Barchasi