Anomal issiq, tuxumdek do‘l, qurg‘oqchilik va qor: dunyo bahorni qanday o‘tkazmoqda?
Tahlil
−
17 may 5523 6 daqiqa
Yer xaritasida mavjud hududlarning barchasi o‘ziga xos ravishda har xil ob-havo sharoitlariga ega. Masalan, ekvatorga yaqin mintaqalar yil davomida issiq va nam iqlim bilan ajralib turadi. Qutb hududlari esa sovuq va quruq iqlimi bilan mashhur bo‘lib, bu yerda qor va muzliklar yil davomida erimaydi. O‘rta kengliklardagi hududlar esa mo‘’tadil iqlimga ega bo‘lib, to‘rt fasl aniq namoyon bo‘ladi.

Umuman olganda, har bir hududning ob-havo sharoiti uning geografik joylashuvi, balandligi va okeanlarga yaqinligi kabi omillar bilan belgilanadi. Ammo hozirgacha mavjud mazkur sifatlar noodatiy tarzda o‘zgarganida, buni ta’riflash uchun “anomal ob-havo” jumlasini ishlatamiz. Xo‘sh, mintaqalarda 2025 yil bahori qanday yakunlanmoqda?
O‘zbekistonda anomal issiq va kutilayotgan sel
Bir necha kundan buyon o‘zbekistonliklar may oyiga xos bo‘lmagan ob-havo sharoitini boshdan kechirmoqda. Gap shundaki, janubdan kirib kelgan issiq havo oqimi oqibatida mamlakatda anomal havo kuzatilib, ba’zi joylarda harorat 42-43 darajagacha ko‘tarildi. Deyarli yog‘ingarchiliklarsiz o‘tgan bahor mavsumi so‘nggida yoz oylariga xos harorat kuzatilmoqda. Aslini olganda, butun dunyoda anomal, ya’ni noodatiy va xos bo‘lmagan ob-havo sharoitlari tez-tez uchrab turmoqda, jumladan, O‘zbekistonda ham anomal sovuq va anomal issiq deyarli har mavsumda takrorlanuvchi hodisaga aylandi.

Ayni kunlarda kuzatilayotgan yuqori darajali harorat 14 may kuni kirib keldi va janub hamda cho‘l hududlarida 42-43 darajagacha yetdi. Shuningdek, kuchli shamol va chang-to‘zon hodisalari ro‘y berishi ham kutilmoqda. Mutaxassislarga ko‘ra, bugun, 17 maydan boshlanib, 19 maygacha davom etadigan yomg‘ir kutilayotgani sabab O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi mumkin.
“Respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli bor, bu esa hududlarni suv bosishiga olib kelishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Xitoydagi tuxum kattaligicha do‘l
13 may kuni O‘zbekistonga issiq havo oqimi kirib kelayotgan bir paytda Xitoyda tovuq tuxumi kattaligidagi do‘l yog‘ishi kuzatildi. O‘sha kuni kunduzi harorat 32 daraja issiq bo‘lgan, ammo kechga borib havo birdan o‘zgarib kuchli do‘lga aylangan.

Holat 13 may kuni Pekinda soat 20:00 atrofida sodir bo‘lgan. Shaharning ayrim hududlariga diametri 4 santimetrgacha bo‘lgan do‘l yog‘ib, odamlarni hayratga solgan. Pekin meteorologik observatoriyasi qisqa muddatli 8 darajali kuchli shamol va do‘l bilan birga momaqaldiroq haqida xabar qilgan. Kuzatishlarga ko‘ra, ayrim hududlarda tunda kuchli shamol, momaqaldiroq va do‘l bir paytda sodir bo‘lgan.
“Global Times” gazetasiga intervyu bergan pekinlikning aytishicha, juda kuchli va shovqinli do‘ldan mashina oynalari sinib ketgan.
Pekin meteorologik observatoriyasi bosh sinoptigi Xe Na kuzatilgan yuqori harorat tufayli atmosferada issiqlik va namlik to‘plangani, bu esa kuchli konvektiv holat yuzaga kelishi oqibatida shunday ob-havoga sabab bo‘lganini ta’kidlagan.
Rossiyada qor va qurg‘oqchilik
Ob-havoning anomal xarakteri qo‘shni va qardosh davlati bilan urush ichidagi Rossiyani ham bebahra qoldirmadi. Yog‘ingarchiliklarsiz va tund bulutli o‘tayotgan bahorning so‘nggi oyi – mayda Moskvada harorat 0,2 darajagacha pasaydi va qor yog‘di. “Kommersant” nashriga ko‘ra, 1999 yildan buyon Moskvada may oyida bunday sovuq havo kuzatilmagan.

“Joriy mavsumda harorat va yog‘ingarchilik miqdorining sezilarli tebranishlari kuzatilmoqda, bu odatda yuz yilda bir marta sodir bo‘ladigan ekstremal iqlim sharoitlariga xosdir”, deb yozadi “Togliatti24” nashri.
Aytilishicha, mutaxassislar bunday iqlim anomaliyalarining normal holatga aylanishi mumkinligidan ogohlantirib, insoniyat yangi sharoitlarga moslashishi zarurligini ta’kidlamoqda. Nashrga ko‘ra, 2025 yil bahoridagi ob-havo Rossiya aholisi uchun salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bir necha oy davomida haroratning keskin ko‘tarilib-tushishi, kuchli yomg‘irlar va noodatiy tabiat hodisalari qayd etilgan, bu esa qishloq xo‘jaligi faoliyati va kundalik hayotni murakkablashtiradi. Mamlakatning ko‘plab hududlarida o‘simliklar o‘sishdan to‘xtagan, chunki harorat odatdagidan past bo‘ldi.

Xabarda aytilishicha, federatsiyaning eng chekka sharqiy qismida yog‘ingarchilik miqdori yillik me’yordan oshib ketib, tabiiy ofatlar kuzatilayotgan bo‘lsa, Sibir va shimoli-g‘arbda qishloq xo‘jaligi ekinlari sovuqdan aziyat chekmoqda. Janubiy hududlar esa qurg‘oqchilikdan aziyat chekib, bahor ko‘proq yoz kabi o‘tmoqda. Ob-havodagi kontrast ayniqsa Rossiya markaziy qismida yaqqol ko‘zga tashlangan: may oyi boshida Moskvada 20 darajadan yuqori quyoshli va iliq ob-havo kuzatilgan bo‘lsa, qo‘shni hududlarda yomg‘ir va sovuq hukmronlik qilgan. Oyning ikkinchi o‘n kunligiga kelib esa havo keskin o‘zgarib, qor yoqqan.
“Qishloq xo‘jaligi xavf ostida”, deb yozmoqda rus nashrlari.
Avstraliyada qish va qurg‘oqchilik
Dam olish kunlari Okeaniyadagi eng yirik davlat Avstraliya uchun noodatiy o‘tishi kutilmoqda. Gap shundaki, ushbu kunlarda qit’ada yomg‘ir, do‘l va hatto ayrim hududlarda qor yog‘ishi prognoz qilinmoqda, tungi harorat 5 darajadan past bo‘ladi. Meteorologiya byurosi katta mutaxassisi Miriam Bredberiga ko‘ra, yakshanba kuni Yangi Janubiy Uelsda nam va shamolli ob-havo kuzatiladi.

“Kuchli yomg‘ir va shamolning ikki barobar zarbasi xavfli dengiz to‘lqinlarini yuzaga keltiradi”, deydi u.
Yakshanba, 18 maydan boshlab shtatning janubiy sohilida shamol tezligi 70-90 km/soatgacha kuchayishi, dushanba kuni markaziy qirg‘oqda yanada kuchayishi va 20 mayga qadar davom etishi mumkin.

Viktoriya va Tasmaniya shtatlarning ko‘plab hududlarida yilning eng sovuq kuni kuzatilishi kutilmoqda. Avstraliyaning ba’zi hududlari yomg‘ir tanqisligi oqibatidagi qurg‘oqchilikka duch kelmoqda. Masalan, Yangi Janubiy Uels shtatining sharqiy va janubi-sharqiy hududlari shular jumlasidan.
Amerikada rekord darajadagi jazirama
Katta hudud va turli iqlimga ega AQSHda ham bu yilgi bahor anomaliya bilan o‘tmoqda. Gap shundaki joriy haftada Texas shtati misli ko‘rilmagan issiqlik to‘lqinidan aziyat chekmoqda.
Yoz hali boshlanmagan bo‘lsa-da, Texasda jazirama kunlar boshlanib ketgan. Bu rekord darajadagi issiqlik oqibatida mazkur shtat Yer yuzidagi eng issiq joylardan biri hisoblangan Kaliforniyadagi O‘lim vodiysidan ham issiqroqqa aylandi.

“The Guardian” nashrining yozishicha, shtatning markaziy va janubiy hududlarida harorat 44 darajagacha ko‘tarildi. Kuchli issiqlik to‘lqini kelasi haftada ham saqlanib qolishi kutilmoqda. 14 may kuni Ostin shahrida soat 17:00 da harorat 38 darajaga yetdi va 2022 yilda qayd etilgan avvalgi (36 gradus) rekordni yangiladi.
Mas’ullar bu haroratni “mavsumga xos bo‘lmagan” deb ta’riflab, aholini ko‘proq suv ichish va soya yoki konditsionerli joyda dam olishga chaqirdi. Kuzatilayotgan bunday issiq havo shifoxona va infratuzilmaga ortiqcha bosim paydo qilmoqda. Aholi salqinlikka intilayotgan bir paytda energiya iste’moli keskin oshib ketdi.
Dunyoning turli hududlari turlicha, ammo bahorga xos bo‘lmagan ob-havo sharoitlariga duch kelmoqda. Qayerdadir yog‘ingarchilik me’yoridan oshib, suv toshqinlariga sabab bo‘layotgan bo‘lsa, qayerdadir qurg‘oqchilik oziq-ovqat xavfsizligini savol ostiga qo‘ymoqda. Yana qaysidir hudud sovuqdan, boshqasi esa issiqdan aziyat chekmoqda.
Yuqorida tanishgan holatlarimiz bir paytda ammo dunyoning turli nuqtalarida sodir bo‘lmoqda. E’tiborlisi shundaki, qayd etilgan ob-havo sharoitlari mazkur hududlar uchun odatiy emas. Demak, uzoq yillar davomida olimlar ogohlantirib kelgan hodisalar allaqachon boshlanib ketgan. Bu esa insoniyatning sayyorani saqlash yo‘lida birlashib, noodatiy o‘zgarishlarga mas’uliyat bilan yondashishi lozimligini ko‘rsatadi.
Live
Barchasi