Andijonda shifoxonaning 4 xodimi “kolodets”da zaharlanib vafot etdi (video)
3-sahifa
−
11 iyun 10306 1 daqiqa
Kecha, 10 iyun kuni Andijon viloyatining Marhamat tumanida joylashgan tibbiyot birlashmasi hududida 4 xodim bunkerdagi gazdan zaharlanib vafot etdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, birlashma xodimlari oqova va chiqindi suvlar to‘planadigan bunkerni tozalash va ta’mirlash maqsadida uning ichiga tushgan hamda shu vaqtda ichkaridagi zaharli gaz ta’sirida hushini yo‘qotib, suyuq chiqindi ichiga tushib ketgan hamda voqea joyida vafot etgan.
Hodisa haqida tuman tibbiyot birlashmasi shifokori tomonidan 102 qisqa raqamiga xabar berilgan. Tezkor qutqaruv xizmatlari yetib kelib, barchaning jasadlarini bunker ichidan olib chiqqan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumlarda vodorod sulfid gazidan o‘tkir zaharlanish, o‘pka emfizemasi hamda nafas yo‘llarining suyuqlik bilan to‘silishi oqibatida kelib chiqqan mexanik asfiksiya aniqlangan.
Hodisa yuzasidan Marhamat tuman IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Marhumlar: 1989, 1969, 1972 va 1967 yillarda tug‘ilgan Marhamat tumani fuqarolari bo‘lib, ular turli lavozimlarda tibbiyot birlashmasida ishlagan.
Hozirda barcha holat bo‘yicha tergov va qo‘shimcha ekspertizalar davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida uch kishi quduqdagi gazdan zaharlanib vafot etgandi.
Live
Barchasi