Antaliyadagi “Andijon” hamon qarzini uzmadi
Sport
−
13 fevral 2023 13717 2 daqiqa
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi 3 mart sanasida start oladi. 15 fevral kuni tunda esa qishki transfer oynasi yakuniga yetadi. “QALAMPIR.UZ” o‘z manbasiga tayanib xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, “Andijon” futbol klubining O‘zbekiston Professional futbol ligasi oldida 600 million so‘mdan ziyod qarzi mavjud. Liga 2022 yilgi mavsum boshidan buyon futbol klubini bu borada ogohlantirib kelgan, biroq qarzdorlik hozirgi kunga qadar bartaraf etilmagan. O‘zbekistonda qishki transfer oynasi 15 fevral kuni 23:59 da yopilishi inobatga olinsa, “Andijon” bilan shartnoma imzolagan yangi futbolchilar ro‘yxatdan o‘tkazilishga ulgurilmasligi ehtimoli yuqori.
Vaholanki, o‘tgan yilning 18 noyabr kuni “Andijon” futbol klubi matbuot xizmati barcha qarzdorlik bartaraf etilgani yuzasidan ma’lumot bergan edi.
Shu kuni Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov klub bosh direktori sifatida Ulug‘bek Mirzayevni rasman jamoatchilikka tanishtirgan bo‘lib, yig‘ilishning o‘zida mavsumning eng yaxshi futbolchisi deya e’tirof etilgan Ildar Mamatkazinga uy, fan-klub rahbariga esa Tracker avtomashinasi sovg‘a qilgan.
“Andijon” klubi bilan bog‘liq qarzdorlik 2022 yilning 31 dekabr sanasiga qadar bartaraf etilishi yuzasidan viloyat hokimligi 16 noyabr kuni O‘zbekiston Professional futbol ligasiga kafolat bergan. Shu kuni O‘zbekiston hamda Qozog‘iston milliy terma jamoalari o‘rtasida xalqaro o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazilgan bo‘lib, O‘zPFL vakillari xizmat safari bilan “Andijon”da bo‘lgan hamda viloyat hokimi bilan uchrashuv o‘tkazgan. Superliga talabidan kelib chiqib, “Bobur arena” stadionining sug‘orish, drenaj va yoritish tizimi, shuningdek, maydon maysasi almashtirilishi yuzasidan kelishuvga erishilgan. Dekabr oyida stadionda ish boshlangan bo‘lsa-da, nomini oshkor qilishni istamagan manbaning ta’kidlashicha, stadionda hozircha ish to‘xtab turibdi. Shuningdek, hokimlikning klub qarzdorligini yopish masalasi ham hozirgacha hal etilmagan.
Shunga qaramay, O‘zPFL klubni yana ikki marta ogohlantirgan. Jumladan, “Andijon” futbol klubi qishki o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun Antaliyaga yo‘l olishi ma’lum bo‘lgach, O‘zPFL avval mavjud qarzdorlikni bartaraf etish lozimligini ta’kidlagan. Transfer oynasi yopilishiga 2 kun vaqt qolgan bir paytda klub bosh direktori jamoasi bilan Antaliyada bo‘lib turibdi.
Ma’lumot uchun, “Andijon” futbol klubini so‘nggi ikki mavsum davomida tadbirkor Jur’atbek Quvvatov egalik qiluvchi kompaniyaning moliyaviy yordamida jamoa Superliga yo‘llanmasini muddatidan avval qo‘lga kiritgan edi. Keyinroq 18 noyabr kuni esa viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov klub a’zolarini to‘plab, bundan buyon jamoaga hokimlikning o‘zi yordam berishini bildirgandi.
Live
Barchasi