AQSHdagi migrantlarni saqlash markazlarida 20 ga yaqin kishi vafot etdi
Olam
−
28 iyun 4601 2 daqiqa
AQSH hukumatining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning dastlabki besh oyi davomida Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) tasarrufidagi migrantlarni saqlash markazlarida 18 kishi vafot etgan. Bu haqda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning iyun oyida yana bir o‘lim holati haqida xabar kelib tushgan. Taqqoslash uchun, butun 2025 yil davomida 33 ta o‘lim holati qayd etilgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 11 tani tashkil etgan.
Oliy komissar odamlar o‘limi holatlariga oid shaffoflik va aniqlikning yo‘qligi aybdorlarni javobgarlikka tortish imkoniyatlariga putur yetkazayotganini ta’kidlagan.
“Men ICE hibsxonalaridagi barcha o‘lim holatlari bo‘yicha tezkor, mustaqil, xolis va samarali tergov o‘tkazishga chaqiraman. Qonunni buzgan shaxslar javobgarlikka tortilishi, halok bo‘lganlarning oilalari esa haqiqatni bilish, adolat, zararni qoplash va kelajakda bunday holatlar takrorlanmasligi kafolatlanishi huquqiga ega bo‘lishi kerak”, deydi Folker Tyurk.
Uning aytishicha, o‘lim holatlari sonining ortishi AQSHda immigratsiya tizimi doirasida hibsda saqlash tizimining keng ko‘lamda kengaytirilishi fonida yuz bermoqda. Hozirgi vaqtda ICE markazlarida 60 mingdan ortiq kishi saqlanmoqda, vaholanki 2025 yilning boshida ularning soni 40 mingga yaqin edi. 2026 yilning oxiriga borib rasmiylar tizim sig‘imini 90 ming kishigacha oshirishni rejalashtirmoqda.
Bayonotda qayd etilishicha, qo‘lga olinganlar orasida butun boshli bolali oilalar, shuningdek, jiddiy kasalliklarga chalingan insonlar ham bor. Ular ko‘pincha standartlarga javob bermaydigan sharoitlarda: zarur tibbiy xizmat va oziq-ovqatsiz saqlanmoqda. Shuningdek, haddan tashqari tiqilinch muassasalarda qo‘lga olinganlar yuqumli kasalliklarni yuqtirib olish xavfiga duch kelmoqda. Kuch ishlatish holatlari bo‘yicha ham xavotirli xabarlar kelib tushmoqda.
2026 yilda rasman qayd etilgan o‘lim holatlaridan beshtasi o‘z joniga qasd qilish deb tasniflangan. Folker Tyurk, shuningdek, bir kishilik kameralarda saqlash choralari qo‘llanilayotgani haqidagi xabarlardan xavotir bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday chora faqat istisno hollarda qo‘llanilishi kerak, uning uzoq muddatli yoki muddatsiz ishlatilishi esa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalaga tenglashtirilishi mumkin.
Uning aytishicha, migrantlarni hibsga olish faqat oxirgi chora sifatida qo‘llanilishi lozim va qoida tariqasida, og‘ir jismoniy yoki ruhiy kasalliklarga chalingan shaxslarga, shuningdek, homilador ayollarga nisbatan ishlatilmasligi kerak. Migratsiya maqomi va ota-onasining maqomidan qat’i nazar, bolalar immigratsiya markazlariga joylashtirilmasligi shart.
Tyurk migrantlar va qochqinlarni kamsitish hamda ularni jinoyatchiga chiqarish harakatlari davom etayotganini keskin qoralagan.
Oliy komissar insonlarni o‘z huquqlari jiddiy ravishda buzilishi yoki orqaga qaytarib bo‘lmaydigan boshqa zararlar xavf soluvchi mamlakatlarga majburan qaytarishga yo‘l qo‘yilmasligini yana bir bor eslatib o‘tgan.
Live
Barchasi