AQSHda bir soha olimlari sirli ravishda g‘oyib bo‘la boshladi
Olam
−
24 mart 16279 2 daqiqa
AQSHda mudofaa sohasi olimlari sirli ravishda g‘oyib bo‘lmoqda. Bu haqda kecha, 23 mart kuni irlandiyalik jurnalist Chey Bouz X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mutaxassislar 2025 yilning o‘rtalaridan boshlab yo‘qola boshlagan. Ularning barchasi bir sohada: “Ilg‘or aerokosmik dvigatellar, plazma fizikasi, termoyadroviy sintez, raketa texnologiyalari” yo‘nalishida ishlagan. Xususan, Bouz o‘tgan yilning iyun oyida aerokosmik muhandis Monika Xasinto Rezaning izsiz yo‘qolganini eslatib o‘tgan. Jurnalist uning jasadi hali ham topilmaganiga e’tibor qaratgan. Shuningdek, 2026 yilning mart oyida AQSH Harbiy-havo kuchlarining iste’fodagi general-mayori, noma’lum uchuvchi jismlarni o‘rganish bilan shug‘ullangan Uilyam Nil Makkasland g‘oyib bo‘lgan.
Bouz ayrim olimlarga nisbatan suiqasd uyushtirilganini qayd etgan. Masalan, Massachusets texnologiya instituti Plazma fanlari va termoyadroviy sintez markazi direktori Nuno Loureyro, shuningdek, Kaliforniya texnologiya instituti astrofizigi Karl Grillmeyr otib o‘ldirilgan. Ular omon qolmagan. Jurnalist ushbu hodisalarning barchasi shunchaki tasodif ekanligiga shubha bildirmoqda.
“Bu holatlar dahshatli o‘xshashlikni namoyon etmoqda, ayniqsa Reza va Makkaslandning sayr vaqtida g‘oyib bo‘lishi”, deb yozgan u.
Shu bilan birga, AQSHning rasmiy idoralari, jumladan, Federal qidiruv byurosi va mahalliy politsiya boshqarmalari ushbu hodisalar o‘rtasida bog‘liqlik borligi haqida bayonot bermagan. Har bir holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.