AQSH Zelenskiydan Qozog‘iston tankerlariga hujumni to‘xtatishni talab qildi – FT

Olam

image

AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Qozog‘iston neftini tashuvchi tankerlarga qilingan hujumlardan norozi va bu masalada Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga murojaat qilgan. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Jey Di Vens Ukrainani Novorossiyskdan Qozog‘iston neftini olib chiqayotgan tankerlarga zarba berishni to‘xtatishga chaqirgan. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qora dengizdagi muhim portdan foydalanayotgan neft tankerlariga dronlar orqali berilayotgan shiddatli zarbalar kampaniyasini to‘xtatgan. Bu AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensning so‘rovidan so‘ng amalga oshirilgan.

“Vashington Ukrainaning Qozog‘istondan quvur orqali Rossiyaning Novorossiysk porstidagi Kaspiy quvur konsorsiumi (KQK) terminaliga yetkazilayotgan xom neftni tashuvchi tankerlarga zarba berib, neft bozorlarini yanada beqarorlashtirishi va Amerika kompaniyalariga zarar yetkazishidan xavotirda edi.

Vens Prezident Vladimir Zelenskiydan 31 iyul kungi telefon muloqoti chog‘ida hujumlarni to‘xtatishni so‘ragan”, deydi manbalar.

Rasmiy shaxslar va “Financial Times” tomonidan ochiq manbalar asosida o‘tkazilgan tahlilga ko‘ra, o‘shandan beri Ukraina Kaspiy quvur konsorsiumi terminali yaqinidagi tankerlarga zarba bermagan.

Shuningdek, manbalarning aytishicha, tomonlar o‘rtasida Ukraina KQK infratuzilmasiga yoki Rossiyaga tegishli bo‘lmagan kemalarga, agar ushbu kemalar Ukraina sanksiyalari ostida bo‘lmasa va Rossiya nefti yoki boshqa Rossiya yuklarini tashimayotgan bo‘lsa, zarba bermasligi haqida kelishuvga erishilgan.

“Biz amerikalik hamkorlarimizga juda diqqat bilan quloq solamiz. KQK AQSH va Qozog‘iston hukumatlari bilan muhokamalarda muntazam ishtirok etib kelgan”, deydi Ukraina yuqori lavozimli mulozimi.

AQSH vakili ma’muriyat Ukrainani Qora dengizda Rossiyaga tegishli bo‘lmagan kemalarni hamda KQK infratuzilmasini o‘qqa tutishni to‘xtatish zarurligi haqida ogohlantirganini tasdiqlagan.

“Ma’muriyat KQKni Yevropa bozorlariga Qozog‘istonga tegishli energiya resurslarini yetkazib berishning va Rossiya energiya manbalariga muqobil bo‘lgan hayot-mamot ahamiyatiga ega kanali sifatida ko‘radi”, deydi mulozim.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 iyul kuni Kaspiy quvur konsorsiumi matbuot xizmati KQK dengiz terminali akvatoriyasidagi tankerga berilgan zarbani “terroristik” deb atab, bayonot bergan edi.

Marshall orollari bayrog‘i ostidagi “Niffos Sifnos” tankeri jabrlangani xabar qilingan edi. Yuk jo‘natuvchi “Tengizshevroyl” MCHJ (“Shevron” kompaniyasi, Qozog‘iston) hisoblanadi. Tanker suzuvchi chiqarish qurilmasida neft ortish jarayonida bo‘lgan. Keyinchalik yuz bergan voqeaga Qozog‘iston Energetika vazirligi izoh berdi. Shuningdek, Energetika vazirligi KQK tomonidan yoqilg‘i qabul qilish vaqtincha cheklangani sababli Qozog‘iston nefti yangi yo‘nalishlar bo‘ylab qayta yo‘naltirilganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing