AQSH yaqin kunlarda G‘azoni tiklash markazini ishga tushiradi – OAV
Olam
−
16 Oktabr 2025 1737 2 daqiqa
Yaqin kunlarda G‘azoni qayta tiklashni nazorat qiluvchi qo‘mondonlik markazi ish boshlashi va uni AQSH muvofiqlashtirishi kutilmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, ABC News xabar berdi.
Telekanalga ko‘ra, AQSH rahbarligidagi va Isroilda joylashgan, G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni bajarish uchun mas’ul bo‘lgan muvofiqlashtiruvchi markaz yaqin kunlarda faoliyatini boshlaydi. Manbalar, shuningdek, ushbu markazga AQSHda taniqli bo‘lgan, ammo hozircha ismi oshkor etilmagan general rahbarlik qilishini bildirgan. Kutilishicha, qo‘mondonning xorijlik o‘rinbosari bo‘ladi.
“Markaz Isroilda, G‘azoning shimoli-sharqida joylashgan, ammo xavfsizlik sababli aniq joylashuvi jamoatchilikka ma’lum qilinmaydi. Rasmiylar markaz Isroil harbiy bazasida joylashmasligini, bu esa G‘azoni qayta tiklashda ishtirok etayotgan boshqa davlatlar vakillari uchun ochiqlikni ta’minlash maqsadida ekanini aytishdi. Markaz ikki yillik urushdan keyin G‘azoni tiklash va xavfsizlikni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan favqulodda logistika ishlarini amalga oshirishdagi asosiy element sifatida ko‘rilmoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp og‘ir yuklarni tashishni muvofiqlashtirish uchun 200 nafar amerikalik harbiy xizmatchini yuborgan. Bu harbiy bo‘linmalar transport, rejalashtirish, logistika va xavfsizlik bo‘yicha ixtisoslashgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy haftaning boshida Donald Tramp boshqa davlatlar rahbarlari bilan birgalikda Misrda o‘tgan sammitda G‘azo bo‘yicha tinchlik kelishuviga imzo chekkan edi.
Live
Barchasi