AQSH o‘zbekistonliklarga ham viza berishni to‘xtatdi

Jamiyat

image

Avvalroq, AQSH Davlat departamenti davlat byudjetiga yuk bo‘lishi mumkin bo‘lgan arizachilarga qarshi kurash doirasida 75 mamlakat fuqarolariga viza olish uchun arizalarni ko‘rib chiqishni to‘xtatayotgani haqida xabar berilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur ro‘yxatga O‘zbekiston ham kiritilgan.

Bungacha “Fox News” o‘z ixtiyoriga kelib tushgan ichki hujjatga tayanib, konsullik xodimlariga Davlat departamenti tekshiruv va ko‘zdan kechirish jarayonlarini qayta ko‘rib chiqayotgan paytda amaldagi qonunchilik asosida viza berishni rad etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgani haqida xabar bergan edi. Cheklovlar joriy etiladigan davlatlar ro‘yxatiga Rossiya, Somali, Afg‘oniston, Braziliya, Eron, Iroq, Misr, Nigeriya, Tayland, Yaman va boshqa davlatlar kiritilgan. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur ro‘yxatda Markaziy Osiyodan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston ham bor.

To‘liq ro‘yxat:

Afg‘oniston, Albaniya, Jazoir, Antigua va Barbuda, Armaniston, Ozarbayjon, Bagama orollari, Bangladesh, Barbados, Belarus, Beliz, Butan, Bosniya va Gersegovina, Braziliya, Myanma (Birma), Kambodja, Kamerun, Kabo-Verde, Kolumbiya, Kot-d’Ivuar, Kuba, Kongo Demokratik Respublikasi, Dominika, Misr, Eritreya, Efiopiya, Fiji, Gambiya, Gruziya, Gana, Grenada, Gvatemala, Gvineya, Gaiti, Eron, Iroq, Yamayka, Iordaniya, Qozog‘iston, Kosovo, Quvayt, Qirg‘iziston, Laos, Livan, Liberiya, Liviya, Shimoliy Makedoniya, Moldova, Mo‘g‘uliston, Chernogoriya, Marokash, Nepal, Nikaragua, Nigeriya, Pokiston, Kongo Respublikasi, Rossiya, Ruanda, Sent-Kits va Nevis, Sent-Lyusiya, Sent-Vinsent va Grenadinlar, Senegal, Serra-Leone, Somali, Janubiy Sudan, Sudan, Suriya, Tanzaniya, Tayland, Togo, Tunis, Uganda, Urugvay, O‘zbekiston va Yaman.

Arizalarni ko‘rib chiqish 21 yanvardan boshlab to‘xtatiladi. Qayd etilishicha, vazirlik viza berish tartibini qayta ko‘rib chiqayotgan bir paytda pauza “noaniq muddatga” davom etadi.

“Fox News”ga ko‘ra, 2025 yil noyabr oyida AQSH Davlat departamenti butun dunyo bo‘ylab diplomatik vakolatxonalarga maxsus yo‘riqnoma yuborib, AQSH immigratsiya qonunchiligidagi “public charge” (davlat yordami hisobiga yashash ehtimoli) qoidasi doirasida konsullik xodimlaridan yanada qat’iy tekshiruv choralarini qo‘llashni talab qilgan.

Mazkur ko‘rsatmalarga binoan, davlat ijtimoiy yordamiga qaram bo‘lib qolishi ehtimoli yuqori deb topilgan arizachilarga viza berilishi rad etilishi shart. Baholash jarayonida arizachining sog‘lig‘i, yoshi, ingliz tilini bilish darajasi, moliyaviy ahvoli hamda uzoq muddatli tibbiy parvarishga muhtojlik ehtimoli kabi omillar inobatga olinadi. Shuningdek, yoshi katta bo‘lgan, ortiqcha vaznga ega shaxslar yoki avval davlat tomonidan naqd pul ko‘rinishidagi yordam olgan yoxud muassasalarda saqlangan arizachilar ham viza rad etilishiga duch kelishi mumkin.

“Davlat departamenti AQSHga kelib, keyinchalik “public charge”ga, ya’ni davlat ijtimoiy yordamiga qaram bo‘lib qolishi va amerikaliklar saxovatini suiiste’mol qilishi mumkin bo‘lgan potensial muhojirlarni nomuvofiq deb topish bo‘yicha o‘zining uzoq yillik vakolatlaridan foydalanadi”, deydi AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Tommi Pigott.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Davlat departamenti ijtimoiy ta’minot va imtiyozlardan foydalanishni ko‘zlagan xorijiy fuqarolarning kirib kelishini oldini olish maqsadida immigratsiya jarayonlarini qayta ko‘rib chiqayotgan bir paytda, ushbu 75 ta davlatdan immigratsiya vaqtincha to‘xtatiladi.

“Public charge” nima?

“Public charge” qoidasi o‘nlab yillardan beri mavjud bo‘lsa-da, uning ijrosi turli ma’muriyatlar davrida keskin farq qilib kelgan, konsullik xodimlariga esa ushbu mezonni qo‘llashda tarixan keng vakolat berilgan. Yangi pauzadan istisnolar juda cheklangan bo‘ladi va arizachiga viza berish “public charge” mezonlari bo‘yicha tekshiruvdan to‘liq o‘tgandan keyingina ruxsat etiladi.

Bayden ma’muriyati davrida, 2022 yilda qabul qilingan “public charge” qoidasi ijtimoiy yordam tushunchasini cheklab, asosan naqd yordam va uzoq muddatli institutsional parvarish bilan chegaralagan. Bu talqinda oziq-ovqat talonlari (SNAP), ayollar, chaqaloqlar va bolalar uchun qo‘shimcha oziqlantirish dasturi – WIC, Medicaid yoki uy-joy vaucherlari kabi dasturlar hisobga olinmagan.

AQSHning Immigratsiya va fuqarolik to‘g‘risidagi qonuni (INA) uzoq yillardan buyon konsullik xodimlariga arizachilarni “public charge” asosida mamlakatga kiritmaslik huquqini berib keladi. Biroq Prezident Donald Tramp 2019 yilda ushbu tushunchani kengaytirib, ijtimoiy imtiyozlarning ancha keng doirasini qamrab olgan. Bu kengaytma sudlarda e’tirozga uchrab, oxir-oqibat ayrim bandlari bloklangan, keyinchalik esa Bayden ma’muriyati tomonidan bekor qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh viza

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing