AQSH urushning bir yilligiga “sovg‘a” tayyorladi

Olam

image

AQSH G7 davlatlari bilan kelishgan holda bugun, 24 fevral kuni Rossiya Federatsiyasi va uchinchi davlatlarning 200 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslariga nisbatan sanksiyalar joriy qiladi. Bu haqda Oq uy tomonidan e’lon qilingan bayonotda ma’lum qilindi.

“Bugun G7 hamkorlari va ittifoqchilari bilan kelishilgan holda G‘aznachilik va Davlat departamentlari Rossiya iqtisodiyotini yanada zaiflashtirish va Ukrainaga qarshi urush olib borish qobiliyatini pasaytirish uchun asosiy daromad keltiruvchi tarmoqlarga keng qamrovli sanksiyalar kiritadi. Cheklovlar Rossiyada ham, Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqdagi uchinchi mamlakatlarda ham Rossiyaning harbiy sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlovchi 200 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga qarshi qo‘llanadi”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Oq uy Rossiya Federatsiyasi tomonidan bosib olingan hududlardagi o‘nlab moliya institutlari, rossiyalik amaldorlar va hukumat mulozimlariga nisbatan sanksiyalar joriy etilganini ma’lum qilgan.

“Biz Rossiyaning mudofaa va texnologiya sanoati bilan bog‘liq bo‘lgan qo‘shimcha shaxslarga, shu jumladan Rossiyaning sanksiyalangan tovarlar zaxiralarini to‘ldirish yoki Rossiyaga sanksiyalardan qochish uchun sharoit yaratishga mas’ul shaxslarga nisbatan sanksiyalar qo‘yamiz”, deyilgan AQSH ma’muriyati xabarida.

Bundan tashqari, Oq uy mazkur sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotining metallurgiya va tog‘-kon sanoati sohalarini ham qamrab olishini bildirgan. Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning kelajakdagi energiya imkoniyatlari bo‘yicha choralar ko‘rish niyatida ekani, ammo bu qadamlar joriy ishlab chiqarishga ta’sir qilmasligi va bozor buzilishlarini minimallashtirishga yordam berishi aytilgan.

Eksport cheklovlari

AQSH Prezidenti ma’muriyatining qo‘shimcha qilishicha, AQSH Savdo vazirligi sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam bergani uchun Rossiya, Xitoy va boshqa mamlakatlarning 90 ga yaqin kompaniyasiga eksport cheklovlarini e’lon qiladi. 

“Bugun Savdo vazirligi eksport nazorati bo‘yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshiradi, jumladan, Rossiyan va Xitoy kabi uchinchi davlatlarning 90 ga yaqin kompaniyalari sanksiyalarni chetlab o‘tish va Rossiya mudofaa sektorini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlar ro‘yxatiga kiritiladi”, deyiladi xabarda.

Cheklovlardan ta’sirlangan kompaniyalarga Qo‘shma Shtatlarda yoki Amerika texnologiyasida ishlab chiqarilgan yarim o‘tkazgichlarni sotib olishga ruxsat berilmaydi. AQSH Savdo vazirligi G7 dagi ittifoqchilari bilan birgalikda sanoat uskunalari hamda hashamatli buyumlar sohasida ham chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish niyatida. Bundan tashqari, AQSH Eron dronlaridagi komponentlarning Ukrainadagi jang maydoniga yetib borishiga to‘sqinlik qiluvchi yangi cheklovlar joriy etadi.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing