AQSH urushga qo‘shiladimi? Eron unga qanday “sovg‘a”tayyorlagan?

Tahlil

Hozirda Isroil va Eron ziddiyatidagi asosiy masala AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil tomonida urushga qo‘shilishi yoki qo‘shilmasligi bo‘lib turibdi. 17 iyun kuni Donald Trampning Oq uyda milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari bilan o‘tkazgan yig‘ilishidan so‘ng Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaroda keyingi 24 yoki 48 soat hal qiluvchi palla bo‘lishi haqida xabar berilgandi. O‘sha yig‘ilish ishtirokchilari ABC News’ga ushbu muddat yakuniga yetgach, mojaroning diplomatik yechimi bor-yo‘qligi ma’lum bo‘ladi, aks holda AQSH harbiy choralar ko‘rishga majbur bo‘lishini ma’lum qilgan. Netanyaxu ham bu faqat boshlanishi deya ma’lum qilgandi. Ammo 17 iyunda chiqqan bu xabardan so‘ng 48 soat oxirlamoqda. Hozircha hujumlarni faqat Eron kuchaytirdi. So‘nggi hujumlarda Eron noodatiy, silliq emas, balki egri va zikzak shaklidagi trayektoriya bo‘ylab harakatlanuvchi, og‘ir toifadagi “Sijjil” ballistik raketasidan foydalangan. Bu raketaning uchish masofasi esa 2000 kilometrni tashkil etadi. 19 iyun tongida esa Isroilga Eron tomonidan oxirgi 7 kun ichidagi eng dahshatli havo hujumi uyushtirildi.

Tramp esa hali urushga qo‘shilish haqida biron bir ochiqroq bayonot berganicha yo‘q. U ortda qolgan soatlarda Oq uydagi maysazorda bergan bayonotlarida AQSHning oldida ikkita ehtimol borligini aytdi. U yo kurashish kerakligi yoki Eron “yadro quroliga ega bo‘lishi” haqida gapirib, dunyo hamjamiyatiga kuchli signal yubordi deyish mumkin. AQSH kuchlari esa hafta oxirida Yaqin Sharqda yanada ko‘payadi. Hegset bu haqda allaqachon ma’lum qilgandi. Shunday bo‘lishiga qaramay, Qo‘shma Shtatlarning Eronga zarba berish bermasligi baribir noaniqligicha qolmoqda. Biroq “The Wall Street Journal” nashri Tramp 17 iyun kuni kechqurun yordamchilariga Eronga hujum qilish rejasini ma’qullagani, ammo uni amalga oshirishga hali yakuniy buyruq bermagani haqida xabar bergandi.

“Bloomberg” esa bu ehtimoliy zarba 21-22 iyun kunlari bo‘lishi mumkinligi haqida yozdi. Nashrga ko‘ra, AQSHning yuqori martabali rasmiylari yaqin kunlarda Eronga ehtimoliy zarba berishga tayyorlanmoqda. Shu bilan birga, AQSHda “bir nechta federal agentliklarning yuqori rahbariyati” ham zarbaga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Manbalarning ta’kidlashicha, AQSH yetakchisi Donald Trampning AQSHning Eron-Isroil mojarosiga aralashuvi haqidagi pozitsiyasi so‘nggi kunlarda respublikachi ittifoqchilarning bosimi tufayli keskin o‘zgargan. Jumladan, senator Lindsi Grem Trampni faol ravishda Tehronga qarshi harbiy choralar ko‘rishga chaqirgan.

MI6 ya’ni Britaniya razvedka xizmatining sobiq rahbari Jon Soyers esa BBC’ga bergan intervyusida faqat Amerikada Erondagi yadroviy ob’ektlarni butkul yo‘q qilish imkoni borligini aytgan. U Isroil Erondagi ba’zi muhim yadroviy ob’ektlarga hujum qilmagani, chunki yahudiy davlati chuqur yer ostida joylashgan ob’ektlarni yo‘q qilish imkoniyatiga egamasligini ma’lum qilgan. Soyersning fikricha, Vashington oldida dilemma turibdi – Isroil bilan birga harakat qilib, ishni yakunlash yoki diplomatik yechim izlash. Shuningdek, Soyers agar noto‘g‘ri qaror qabul qilinsa, Eron jiddiy zaiflashishi mumkin, lekin yadroviy dasturining bir qismi omon qolishi ehtimoli borligi haqida ham ogohlantirdi. Uning aytishicha, Isroilning asl maqsadi — AQSHni urushga tortish va ularning harbiy qudratidan foydalanib, Eron yadroviy ob’ektlarini to‘liq yo‘q qilish.

BBC siyosiy sharhlovchisi Kris Meysonning yozishicha, G7 (katta yettilik) sammitidagi dunyo yetakchilari Tramp Yaqin Sharqda nimani maqsad qilganidan hayratda. Germaniya kansleri Fridrix Mers G7 yetakchilari Amerika aralashuvi haqida gaplashishganini aytgandi. Ammo Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer esa avvalroq, Trampning bayonotlarida urushga aralashish niyati sezilmaganini ta’kidlagan edi. Ammo keyingi soatlarda vaziyat tubdan o‘zgargan. Endi G7 yetakchilari Trampning rejalarini taxmin qilishga majbur. Eron ham, dunyo ham, aynan shu narsa nima bo‘layotganini tushunishga va taxmin qilishga urinyapti.

CBS manbalariga ko‘ra, Tramp Eronning yadroviy ob’ektlariga, jumladan, ular ichidagi eng muhim Fordoda joylashgan uran boyitish zavodiga zarba berish uchun Isroilga qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqqan. Bu masala Oq uydagi Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishida muhokama qilingan. Ammo CBS manbalari nashrga Trampning maslahatchilari o‘rtasida yakdillik yo‘qligini ma’lum qilgan. Siyosatshunos Radjan Menon esa Tramp jiddiy muammoli tanlov oldida turganini ta’kidlagan. Uning aytishicha, agar Tramp Isroilning harbiy harakatiga qo‘shilsa, o‘zining urushga qarshi siyosatidan chekingan bo‘ladi, agar aralashmasa, AQSHdagi isroilparast doiralar g‘azabiga uchraydi.

Eron qanday javob beradi?

Yuqorida ta’kidlanganidek, agar AQSH aralashmasa, Isroilning yakka o‘zi Eron yadroviy salohiyatini yo‘q qilishga qurbi yetmasligi mumkin. Shu bois AQSH Yaqin Sharqdagi harbiy salohiyatini kuchaytirmoqda, jumladan, mintaqaga avianosets va boshqa kuchlarni joylashtirgan. Bu esa Eron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv ehtimoli oshganidan dalolat beradi. Ammo tahlilchilar  agar AQSH to‘g‘ridan to‘g‘ri urushga kirishsa, Eron ham shunchaki qarab turmasligi, rasmiy Tehron bu vaziyatda mahalliy mojaroni xalqaro inqirozga aylantirishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Unga ko‘ra, forslarda bir nechta javob choralari mavjud bo‘lib, ularning birinchisi raketa zarbalari va harbiy ob’ektlarga hujumlardan iboratdir. Masalan, Eron hozircha AQSH bazalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilmayapti. Lekin u katta miqdorda raketalarini saqlab turibdi. Urush avj olsa, Iroq, Quvayt, Qatar, Bahrayn, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlardagi o‘nlab AQSH bazalari hujumga uchrashi mumkin. Mintaqada esa taxminan 40–50 ming AQSH harbiy xizmatchisi bor. Ikkinchi variant sifatida esa Hormuz bo‘g‘ozini yopish ehtimoli ko‘rib chiqilmoqda. Eron parlamenti mudofaa qo‘mitasi rahbari Ismoil Kosari Tehron Hormuz bo‘g‘ozini yopish imkoniyatini jiddiy ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Ma’lumki, Hormuz – strategik dengiz yo‘li bo‘lib, jahon miqyosidagi neft yetkazib berishning 20 foizi shu yerda o‘tadi. Uchinchi, ya’ni eng xavfli variant esa husiylarni dastaklash orqali Bob-al-Mandebdagi savdo yo‘lagini shikastlashdir. Bob-al-Mandeb bu Qizil dengiz va Hind okeani o‘rtasidagi muhim yo‘l. U yerda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar harakatlantirilishi mumkin. Bu Yevropa-Osiyo o‘rtasidagi logistika va savdoni izdan chiqaradi. O‘tgan davr mobaynida ham husiylar bu yerdagi savdoga ta’sir o‘tkazish orqali G‘arb davlatlariga bir necha milliard dollar zarar yetkazdi.

Bundan tashqari, va nihoyat Eron ixtiyorida mintaqa bo‘ylab keng tarqalgan “qarshilik o‘qi” harakatlari, aniqroq qilib aytganda proksi guruhlari bor. Taxminlarga ko‘ra, Eron mazkur sharoitda o‘zining “Qarshilik o‘qi” tarmog‘ini – proksi guruhlar va maxfiy agentlarini faollashtirishi mumkin. Bu “Hizbulloh”, husiylar, Eron razvedkasining chet eldagi bo‘linmalarini qamrab oladi. Natijada AQSH bazalariga zarbalar, kiberhujumlar va amerikalik fuqarolarni garovga olish kabi choralar, xullas hamma javob choralari amalga oshirilishi mumkin. Barcha tahlilchilarning fikricha, AQSHning to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuvi Tehron tomonidan faqat rejimga emas, balki davlatning mavjudligiga tahdid sifatida qabul qilinadi. Bu esa Yaqin Sharqdagi mahalliy urushni global geosiyosiy falokatga aylantiradi. Buning oqibatlarini esa oldindan bashorat qilib bo‘lmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing