AQSH Suriyadan qo‘shinlarini chiqarish rejasini tayyorlamoqda – OAV

Olam

image

Pentagon AQSH qo‘shinlarini Suriyadan chiqarish rejasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda ikki Pentagon vakiliga tayanib, NBC telekanali xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, Pentagon mutaxassislari o‘tgan yil dekabr oyida sobiq prezidenti Bashar Asad ag‘darilgan Suriyadan Amerikaning harbiy kontingentlarini chiqarish bo‘yicha bir nechta reja tayyorlamoqda. Bu rejalar amaliyotning davomiyligi bilan farqlanadi – 30, 60 yoki 90 kun.

31 yanvar kuni AQSH Prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts AQSHning yuqori harbiy qo‘mondonligi vakillari bilan uchrashgan. Uchrashuvda tomonlar Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qilgan. Biroq Oq uy vakili NBC telekanaliga bergan intervyusida Uolts uchrashuv davomida Suriyadagi AQSH qo‘shinlari sonining kamaytirilishi haqida so‘zlaganini inkor etgan. Pentagon esa bu borada izoh bermadi.

Ma’lumot uchun, 2019 yil oxirida Tramp o‘zining birinchi prezidentlik davrida mudofaa vaziri Jeyms Mattisga AQSH qo‘shinlarini Suriyadan chiqarishni buyurgandi. Mattis bunday qarorga qarshi chiqqan va ishdan bo‘shagan. Tramp ko‘p sonli qo‘shinlarni olib chiqqan, ammo keyinchalik ularni ortga qaytarib yuborgan. O‘shandan beri AQSH qo‘shinlari Suriya hududida bo‘lib kelmoqda. 2020 yil dekabrida AQSH Suriya Respublikasiga taxminan 2000 harbiy xizmatchi jo‘natgan. Oldinroq u yerda 900 ga yaqin harbiy xizmatchi joylashgan edi. Ularning 30 dan 90 kungacha, 900 kishilik asosiy kontingent esa taxminan bir yil davomida Suriyada qolishi belgilangan.

2024 yil boshida Yaqin Sharq Institutining Suriya va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha dastur direktori Charlz Lister Suriyadan AQSHning to‘liq chiqib ketishining mintaqadagi xavfsizlikka keltirishi mumkin bo‘lgan halokatli oqibatlari haqida yozgan. U o‘shanda sobiq prezident Jo Bayden administratsiyasi bunday rejalarning muhokamasini olib borib, Suriyadagi missiyaga moliyaviy yordamni to‘xtatganini ta’kidlagan. Lister AQSHning Suriyadan chiqishi ISHID uchun sovg‘a bo‘lishini va bu guruhning qayta jonlanishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyada hokimiyat almashinishidan so‘ng Turkiya o‘zining harbiy ishtirokini mamlakatda kengaytirishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgandi. Suriya razvedka xizmatlaridagi manbalar tomonlar mudofaa paktini imzolashni rejalashtirayotganini va bu pakt doirasida Anqaraning Suriya sharqidagi Badiyat deb nomlangan cho‘l hududida ikkita harbiy baza qurishi mumkinligini aytgan. Turkiya u yerda 50 ta F-16 qiruvchi samolyotlarini joylashtirishni rejalashtirmoqda va Suriya havo maydonidan harbiy maqsadlar uchun foydalanish uchun ruxsat olishni istamoqda. Buning evaziga Turkiya tashqi tahdidlar yuzaga kelganda yordam ko‘rsatish majburiyatini oladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Suriya qo'shin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing