AQSH Senati Eron bilan urushni to‘xtatishga zo‘rg‘a rozi bo‘ldi
Olam
−
24 iyun 4035 2 daqiqa
Kecha, 23 iyun kuni AQSH Senati Vakillar palatasi tomonidan qabul qilingan va Eron bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishni nazarda tutuvchi rezolyutsiyani ma’qulladi. Bu haqda 23 iyun kuni “Reuters” agentligi xabar berdi.
Rezolyutsiya 50 senatorning qo‘llab-quvvatlashi va 48 senatorning qarshi ovozi bilan qabul qilindi. Nashrning yozishicha, ovoz berish respublikachilar orasida ham xavotir kuchayib borayotganini ko‘rsatgan.
Hujjatga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi harbiy operatsiyalar olib borilayotgan hududlardan Amerika qo‘shinlarini olib chiqishi kerak. Biroq nashrning yozishicha, rezolyutsiya asosan ramziy xarakterga ega. Tramp unga veto qo‘ya olmasa-da, hujjat majburiy yuridik kuchga ega emas.
Ovoz berishni tashabbus qilgan demokrat senatorlar fikricha, AQSH Kongressi harbiy harakatlar uning roziligisiz qayta boshlanmasligi kerakligi haqida aniq signal berishi lozim.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, Tramp ma’muriyati ushbu ovoz berishni muhim voqea sifatida baholamagan va rezolyutsiya qabul qilinishini ayrim respublikachi senatorlarning majlisda qatnashmagani bilan izohlagan.
Oq uy, shuningdek, “Amerika qo‘shinlarini olib chiqish kerak bo‘lgan jangovar harakatlar hududi mavjud emas, chunki harbiy harakatlar 17 apreldagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi bilan yakunlangan”, deya bayonot bergan.
AQSH va Eron o‘rtasida sulh rejimi amal qilayotganiga qaramay, tomonlar keyinchalik ham o‘zaro zarbalar almashishda davom etgan. Joriy yilning iyun oyi o‘rtalarida Vashington va Tehron ikki oy muddatga mo‘ljallangan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjat barcha frontlarda, jumladan Livanda ham harbiy harakatlarni to‘xtatish, Tehronga nisbatan sanksiyalarni yumshatish hamda Eronni tiklash jamg‘armasini tashkil etishni nazarda tutadi. Vashington va Tehron o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Eron bilan o‘tkazilgan dastlabki muzokaralardan so‘ng mamlakatga nisbatan qo‘llangan ayrim sanksiyalarni 60 kun muddatga vaqtincha bekor qilgandi.
Live
Barchasi