AQSH Falastinning BMTga a’zoligi haqidagi rezolyutsiyaga veto qo‘ydi
Olam
−
19 aprel
5562Amerika Qo‘shma Shtatlari BMT Xavfsizlik Kengashining Bosh Assambleyaga Falastin davlatini xalqaro tashkilotga to‘liq a’zo sifatida qabul qilishni tavsiya etuvchi rezolyutsiya loyihasiga veto qo‘ydi. Bu haqda BMT rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Kecha, 18 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Xavfsizlik Kengashining 12 a’zosi, jumladan, Rossiya va Xitoy Jazoir taklif qilgan hujjatni qabul qilish uchun ovoz berdi. Buyuk Britaniya va Shveysariya betaraf qoldi, faqat AQSH qarshi chiqdi.
"Qo‘shma Shtatlar ikki davlat qarorini qat’iy qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Bu ovoz berish Falastin davlatchiligiga qarshilikni aks ettirmaydi, balki bu faqat tomonlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar orqali amalga oshirilishini tan oladi", deydi AQSHning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Robert Vud.
Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos AQSHning BMT Xavfsizlik Kengashidagi vetosini “adolatsiz, axloqsiz va asossiz” deya qoraladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “Falastinning BMTga to‘liq a’zo bo‘lishini qat’iy qo‘llab-quvvatlovchi xalqaro hamjamiyat irodasiga” ziddir.
Isroil Tashqi ishlar vaziri Israyel Kats Qo‘shma Shtatlarning veto huquqidan foydalanishini olqishladi.
"Ushbu sharmandali taklif rad etildi. Terrorizm mukofotlanmaydi", degan Tashqi ishlar vaziri.
Jazoirning BMTdagi doimiy vakili Amar Benjama ovoz berishdan oldin falastinliklarni jahon tashkilotiga qabul qilish ikki davlat yechimiga putur yetkazmasligi, balki uni mustahkamlanishini ta’kidladi.
“Tinchlik Falastinning qo‘shilishi bilan bo‘ladi, uni chetlashtirish bilan emas”, deydi u.
Xalqaro tashkilotga qabul qilish to‘g‘risidagi ariza ko‘rib chiqilishi uchun uni BMT Xavfsizlik Kengashining 15 a’zosidan kamida to‘qqiztasi qo‘llab-quvvatlashi kerak, besh doimiy a’zoning hech biri – AQSH, Xitoy, Rossiya, Fransiya va Buyuk Britaniya – veto huquqidan foydalanmasligi kerak. Agar ushbu shart bajarilsa, ariza BMT Bosh Assambleyasining ovoziga qo‘yiladi, unda u a’zolarning kamida uchdan ikki qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak.
Ma’lumot uchun, Falastinni BMTga qabul qilish haqidagi ariza 2011 yil noyabr oyida ham Xavfsizlik Kengashining pozitsiyasi tufayli rad etilgan. Keyingi yili BMT AQSHning qarshiliklariga qaramay, falastinliklarga kuzatuvchi maqomini berdi. BMTga a’zo 193 davlatdan 139 tasi Falastinni mustaqil davlat sifatida tan oladi.
LiveBarchasi