AQSH Eron parlamenti spikerini yangi yetakchi sifatida ko‘rib chiqmoqda – “Politico”
Olam
−
24 mart 4210 2 daqiqa
AQSH Prezidenti ma’muriyati Eron parlamenti spikeri Muhammad Bog‘ir G‘olibafni muzokaralar uchun potensial hamkor va ehtimol, hatto yangi yetakchi sifatida ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Politico” xabar berdi.
Nashr suhbatdoshlari G‘olibaf bo‘yicha hozircha hech qanday qaror qabul qilinmaganini ma’lum qilgan.
“Prezident ma’muriyatida “bir nechta nomzodlarni stress-testdan o‘tkazishni” xohlashmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan ular.
Ushbu nomzodlar ro‘yxatida Eronning so‘nggi shohi o‘g‘li Rizo Pahlaviy yo‘q. Oq uy Eron uchun “Venesuela ssenariysi”ni ko‘rib chiqmoqda, bunda mamlakatda qo‘llab-quvvatlanadigan va shu bilan birga AQSHga sodiq bo‘lgan siyosatchi hokimiyatga keladi. Tramp ma’muriyati Pahlaviyning Eronda qandaydir legitimlikka ega bo‘lishiga ishonmaydi.
Shu bilan birga,“Politico”ning yozishicha, ekspertlar Eron parlamenti spikeri, o‘z navbatida AQSHga sodiqlik ko‘rsatishiga shubha qilmoqda.
“G‘olibaf – ambitsiyali va pragmatik, ammo shu bilan birga islomiy tuzumni saqlab qolishga prinsipial jihatdan sodiq shaxs. Bu uni Vashingtonga biron bir mazmunli yon berishlarni taklif qilish uchun ehtimoli kam bo‘lgan nomzodga aylantiradi”, deydi Xalqaro inqiroz guruhining Eron bo‘yicha katta tahlilchisi Ali Voiz.
Ma’lumot uchun, Muhammad Bog‘ir G‘olibaf Eron-Iroq urushi davrida Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusida (IIQK) xizmat qilgan. 1999 yilda Eron politsiyasi boshlig‘i etib tayinlangan. 2005-2017 yillarda Tehron meri lavozimini egallagan. 2020 yildan buyon Eronning bir palatali parlamenti – Majlis raisi lavozimini egallab kelmoqda.
“The Jerusalem Post” nashrining yozishicha, G‘olibaf AQSH bilan muzokaralarda ishtirok etgan, shundan so‘ng Donald Tramp Eron elektr stansiyalariga zarba berishni besh kunga qoldirishga qaror qilganini e’lon qilgan. Eron muzokaralar bo‘lgani faktining o‘zini rad etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vashingtonning ittifoqchilari va Fors ko‘rfazi mamlakatlari Donald Trampni Eronning energetika infratuzilmasiga zarba berishdan qaytargani haqida xabar berilgan edi.