AQSH aerodromlarini endi “bo‘rilar” qo‘riqlaydi
Olam
−
12 iyul 13296 2 daqiqa
AQSH harbiy aerodromlarida bo‘rilarga o‘xshash ko‘rinishga ega bo‘lgan harakatlanuvchi robotlar sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu haqda AQSH Harbiy muhandislik tadqiqot va rivojlantirish markazi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bo‘ri qiyofasiga ega robotlar parvoz va qo‘nishga to‘sqinlik qiladigan qushlar va boshqa yovvoyi hayvonlarni haydab yuborish uchun mo‘ljallangan.
Loyiha nomi “Coyote Rover” deb ataladi. Dastlab bu tizim mashhur Boston Dynamics’ning Spot robotlari asosida yaratilgan edi. Ammo sinovlar robotlar hayvonlarni qo‘rqitish uchun yetarli tezlikda harakatlana olmasligini ko‘rsatgan. Shundan so‘ng, ular tezligi soatiga 32 kilometrga yetadigan Traxxas X-Maxx radioboshqaruvli mashinalariga almashtirilgan. Har bir robotga bo‘ri shaklidagi plastik maket o‘rnatilgan. Bir dona bo‘rining umumiy narxi 3000 dollarni tashkil etadi.
Dastlabki sinovlarda bu robotlar hayvonlar tomonidan tahdid sifatida qabul qilingan hamda ular qochib ketgan. Kelgusida ularni avtonom harakatlanish, o‘zini mustaqil quvvatlantirish va hayvonlarni aniqlab, ularga mos tarzda ta’sir ko‘rsatish imkoniyati bilan jihozlash rejalashtirilmoqda.
Loyihani ishlab chiquvchilar bu robotlar harbiy aerodromlarda xavfsizlikni oshirishda samarali va tejamkor vositaga aylanishiga umid qilmoqda. Ular an’anaviy qo‘rqitish usullari ish bermagan joylarda foydali bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Qurolli kuchlari 2040 yilgacha jangovar vazifalarni bajara oladigan robotlarni ishlab chiqish rejasida belgilangan jadvalga muvofiq harakat qilayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi