AQSH 2025 yilda 150 dan ortiq tinch aholi vakilini o‘ldirgan – Pentagon

Olam

image

AQSHning 2025 yildagi harbiy operatsiyalari oqibatida 153 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, yana 243 kishi jarohatlangan. Bu haqda Pentagonning AQSH Kongressiga taqdim etilgan hisobotida so‘z boradi.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda tinch aholi o‘rtasidagi barcha o‘lim va jarohat holatlari Yamanda amalga oshirilgan 3 ta AQSH zarbasi bilan bog‘liq. Hisobotda AQSH Markaziy qo‘mondonligi 2025 yil aprel oyida Yamanda amalga oshirilgan 3 ta zarba tinch aholi vakillariga zarar yetkazgan bo‘lishi ehtimoli yuqori, degan xulosaga kelgani yozilgan.

Shuningdek, 2026 yil fevral holatiga ko‘ra, Yamanda yana 15 ta hodisa bo‘yicha tekshiruv olib borilayotgani ma’lum qilingan. Ushbu holatlar nodavlat tashkilotlardan kelib tushgan xabarlar asosida o‘rganilmoqda.

Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda AQSH harbiy operatsiyalari oqibatida 2 nafar tinch aholi halok bo‘lgan va yana 2 kishi jarohatlangan. AQSH harbiylari Yamanda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylarning imkoniyatlarini zaiflashtirishni o‘z operatsiyalarining asosiy maqsadlaridan biri sifatida ko‘rsatgan.

Pentagon hisoboti Karib dengizi va Tinch okeanining sharqiy qismida AQSH tomonidan amalga oshirilgan zarbalar oqibatidagi qurbonlarni qamrab olmagan. Hisobotda 2026 yil 1 fevral holatiga ko‘ra, AQSH Janubiy qo‘mondonligi 2025 yilda ushbu hududda tinch aholi qurbon bo‘lgani ehtimoli yuqori bo‘lgan biror holatni qayd etmagan.

Shu bilan birga, Donald Tramp ma’muriyati 2025 yil sentyabridan buyon Tinch okeanining sharqiy qismida giyohvand moddalar tashiganlikda gumon qilingan kemalarga zarbalar berib kelmoqda. AQSH hukumati nishonlarni “narkoterrorchilar” deb atagan.

Zarbalar oqibatida 2025 yil sentyabridan buyon 200 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. “Human Rights Watch” va “Amnesty International” tashkilotlari mazkur zarbalarni qonunga xilof sudsiz qatllar deb baholagan, Amerika Fuqarolik erkinliklari ittifoqi esa AQSH ma’muriyatining nishonlarga qo‘ygan ayblovlarini asossiz deb hisoblagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilning oktyabr oyida G‘azo sektori va Iordan daryosining G‘arbiy sohilida o‘t ochish to‘xtatilganidan beri 1200 dan ortiq falastinlik Isroil kuchlari tomonidan o‘ldirilgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing