“Agar bu tasdiqlansa, sizni qamoqqa tiqaman”. Tashiyev Transport vaziriga tahdid qildi
Olam
−
24 Sentabr 2025 23057 2 daqiqa
Chuy viloyatiga amaliy tashrifi chog‘ida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev Transport va kommunikatsiyalar vazirligi rahbariyatini keskin tanqid qilib, vazirlik tarkibidagi korrupsiyaga oid ayblovlar tasdiqlansa, jazolanishi, jumladan, qamoq jazosi bilan tahdid qilgan. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot markazi xabar berdi.
Qamchibek Tashiyevga ko‘ra, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga pudratchilardan Transport vazirligining yuqori mansabdor shaxslari tomonidan pora va tovlamachilik holatlari bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan. Uning ta’kidlashicha, bunday amaliyotlar tizimli bo‘lib, byudjet uchun millionlab yo‘qotishlarga olib keladi.
“Xudo ko‘rsatmasin, agar bu ma’lumot tasdiqlansa, sizni qamab qo‘yaman. Ayaydi deb o‘ylamang. Menga farqi yo‘q. Qamasam, boshqa rahbarlar ham bemalol ishlashi mumkin”, dedi Qamchibek Tashiyev Transport vaziri Absattor Sirg‘aboyevga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kadrlar va huquqiy oqibatlar haqida ogohlantirib.
Yig‘ilishda asosan Chuy viloyatidagi “Chaldovar-Avtodorojniy” nazorat-o‘tkazish punktidagi vaziyat muhokama qilingan. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganiga qaramay, davlat organlari xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarishi ustidan nazoratni sust yo‘lga qo‘yganini ta’kidladi. Uning aytishicha, korrupsiya xavfini bartaraf etish bo‘yicha ta’lim, profilaktika va tahliliy ishlar olib borilmayapti. Zaif lavozimlar uchun kadrlar tanlanmagan.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, mansabdor shaxslar mamlakatga olib kirilayotgan tovarlarning haqiqiy hajmi va qiymatini buzib ko‘rsatuvchi soxta yuk hujjatlaridan foydalangan holda YeOIIga a’zo mamlakatlardan tovarlarni noqonuniy olib kirish (kontrabanda) bo‘yicha korrupsiya sxemasini yaratgan.
Mazkur holat yuzasidan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 336-moddasi (korrupsiya) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘iziston fuqarolari Chaldovar qishlog‘idan mahalliy kengash deputatlari hamda O‘zbekiston fuqarosi, shuningdek, ikki kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazgan. Ular ushbu kompaniyalardan soxta hujjatlar yordamida YeOIIga a’zo mamlakatlardan tovarlarni noqonuniy olib kirishda foydalangan. Bu shaxslar, shuningdek, Qirg‘izistonga kontrabanda tovarlarni olib kirishni yashirish uchun davlat xizmatchilariga onlayn hamyonlar va naqd pullar orqali tizimli ravishda pul o‘tkazganlikda ham ayblanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Noqat tumani aholisi bilan uchrashuv chog‘ida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev uni yo‘q qilishga bir necha bor urinishlar bo‘lganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi