Afg‘onistonda suv toshqinlari qurbonlari qariyb 150 nafarga yetdi

Olam

image

Afg‘onistonda mart oyining oxiridan buyon kuzatilayotgan kuchli yomg‘irlar va suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar soni kamida 148 nafarga yetdi. Bu haqda kecha, 8 aprel kuni “Tolibon” muvaqqat hukumatining favqulodda vaziyatlarni boshqarish agentligi xabar qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning 7 nafari tom bosishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Shuningdek, 216 kishi jarohatlangan, yana 8 kishi esa bedarak yo‘qolgan. Agentlik matbuot kotibi Yusuf Emad so‘nggi 24 soat ichida bir nechta viloyatda yana 15 kishi halok bo‘lib, 18 kishi jarohat olganini bildirgan.

Tabiiy ofatlar uy-joylarga ham katta zarar yetkazgan. Xususan, 139 ta uy butunlay vayron bo‘lgan, yana 657 tasi qisman shikastlangan.

So‘nggi ikki hafta ichida Afg‘onistonning 28 ta viloyatida yog‘gan kuchli yomg‘irlar va to‘satdan yuzaga kelgan suv toshqinlari qishloq aholisi uchun ham katta iqtisodiy zarar yetkazgan. Sababi, ushbu hududlarda uylar va qishloq xo‘jaligi yer maydonlari juda zaif hisoblanadi.

Bundan tashqari, asosiy transport yo‘llari ham zarar ko‘rgan. Bir nechta yirik avtomobil yo‘llari, jumladan, Qobul-Jalolobod yo‘li, Salang dovoni va Qobul-Hirot yo‘li suv toshqinlari, ko‘chkilar sababli yopilgan. Oqibatda yo‘llarda harakatlanish cheklanib, jabrlangan aholiga yordam yetkazish yanada qiyinlgan.

Agentlik yaqin kunlarda yana yomg‘ir va suv toshqinlari kutilayotgani haqida ogohlantirib, yordam ko‘rsatish hozirgidan ham og‘irlashishi mumkinligini bildirgan.

Qayd etish joiz, Afg‘onistonda so‘nggi vaqtlarda tabiiy ofatlar tez-tez sodir bo‘lmoqda. Xususan, joriy yilning 3 aprel kuni Badaxshon shahridagi 6 balli zilzila oqibatida 8 kishi halok bo‘lgandi. Qolaversa, mazkur zilzila O‘zbekistonda ham sezilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda kuchli yomg‘irlar ortidan yuzaga kelgan suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar soni kamida 99 kishiga yetgandi, yana 154 kishi jarohat olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston qurbonlar suv toshqinlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing