Abu-Dabida ilk rus pravoslav cherkovi ochiladi
Olam
−
11:09 1153 2 daqiqa
Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabi shahrida Qozon Bibi Maryam ikonasi sharafiga bag‘ishlangan ilk rus pravoslav ibodatxonasi ochiladi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Abu-Dabida yashovchi rus tilida so‘zlashuvchi pravoslavlar o‘z cherkov jamoasini tashkil etish iltimosi bilan murojaat qilgan. Shu sababli yangi pravoslav diniy jamoa tashkil etish va cherkov qurish masalasi ko‘rib chiqilgan.
Joriy yilning 17 yanvar kuni Antioxiya patriarxi Ioann X Moskva va Butun Rus patriarxi Kirillga yuborgan maktubida Abu-Dabida rus pravoslav jamoasini tashkil etish va cherkov qurilishiga rozilik berganini bildirgan.
Qaror cherkovning Muqaddas Sinodi tomonidan qabul qilingan. Yangi pravoslav jamoasi kanonik jihatdan Antioxiya pravoslav cherkovi yurisdiksiyasiga kiradi.
Shundan so‘ng Muqaddas Sinod Abu-Dabida Qozon Bibi Maryam ikonasi nomidagi rus pravoslav diniy jamoasini tashkil etish haqida qaror chiqardi. Yangi jamoaga ruhoniylik xizmatini hozirda Sharjada joylashgan Muqaddas Filipp ibodatxonasi rahbari arximandrit Aleksandr (Zarkeshev) olib boradi.
Keltirilishicha, bu cherkov rus pravoslav diniga mansub bo‘lgan va shu cherkov tomonidan tashkil qilingan dindorlar jamoasi uchun faoliyat yuritadi.
Ma’lumot o‘rnida, Antioxiya pravoslav cherkovi tarixan eng qadimiy pravoslav cherkovlaridan biri bo‘lib, u muqaddas havoriy (apostol)lar Butrus (Petr) va Pavlus (Pavel) tomonidan asos solingan. Uning kanonik hududiga Suriya, Livan, Iroq, Kuvayt va Arabiston yarimorolidagi mamlakatlar kiradi (Iordaniyadan tashqari).
Live
Barchasi