Ahror Burxonov O‘zbekistonning Vashingtondagi ilk bosh konsuli bo‘ldi
Jamiyat
−
10:32 1980 1 daqiqa
O‘zbekiston Tashiq ishlar vazirining sobiq matbuot kotibi Ahror Burxonov O‘zbekistonning Vashington shtatidagi ilk bosh konsuli bo‘ldi. Bu haqda u o‘zining X sahifasida yozib qoldirdi.
Burxonov uni qo‘llab-quvvatlagan barchaga o‘z minnatdorligini bildirgan.
“Uch yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi sifatida faoliyat yuritib, mamlakatimizning Vashington shtatidagi (AQSH) ilk bosh konsuli sifatida yangi vazifani boshlar ekanman, ushbu davr mobaynida qo‘llab-quvvatlagan va hamkorlik qilgan barchaga samimiy minnatdorlik bildiraman. O‘tgan yillar men uchun nihoyatda mazmunli va serqirra bo‘ldi. Birgalikda ilgari surilgan tashabbuslar, amalga oshirilgan loyihalar, ustozlardan olingan saboq va tajribalar, hamkasblar bilan yelkama-yelka olib borilgan ishlar hamda turli darajadagi uchrashuv va tadbirlar bu davrni unutilmas va qadrli xotiralarga boy qildi. Eng muhimi, barchamizni yagona maqsad – O‘zbekistonimiz manfaatlariga xizmat qilish istagi birlashtirib, yangi marralarga yetakladi. Ushbu yo‘lda bildirilgan ishonch, qo‘llab-quvvatlash va hamkorlik uchun hammaga katta rahmat”, degan Burxonov.
Qayd etish joiz, Ahror Burxonov O‘zbekiston Respublikasining Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi elchixonasi va Tashqi ishlar vazirligi markaziy apparatida turli lavozimlarda ham faoliyat yuritgan.
Live
Barchasi