“75 lar xati” ishi bo‘yicha nega ayblanuvchilar qamalmagani aytildi 

Olam

image

Bishkek shahrining Birinchi may tuman sudi “75 lar xati” deb nomlangan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchilarga probatsiya nazorati tayinlangani sabablarini tushuntirdi. Bu haqda “24.kz” xabar berdi.

Sud ma’lumotiga ko‘ra, Qamchibek Tashiyev, Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li, Qurmanqul Zulushev, shuningdek Bekbolot Talg‘arbekov, Kursan Asanov, Ali Qarashev, Qurmanbek Diyqanbayev va Emilbek Uzaqbayev mansab vakolatini suiiste’mol qilish aybi bo‘yicha jinoyat tarkibi mavjud emasligi sababli oqlangan.

Shu bilan birga, sud ularni Jinoyat kodeksining 36 va 326-moddalari – hokimiyatni zo‘rlik bilan egallashga tayyorgarlik ko‘rishda aybdor deb topib, ularning har biriga mol-mulkini musodara qilgan holda umumiy tartibdagi jazoni ijro etish koloniyasida o‘tash uchun to‘rt yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagandi.

Biroq Jinoyat kodeksining 82-moddasiga asosan barcha mahkumlar jazoni o‘tashdan ozod qilinib, ularga uch yil muddatga probatsiya nazorati qo‘llanildi.

Sudning izoh berishicha, bunday qaror jinoyat oxiriga yetkazilmagani va tayyorgarlik bosqichida qolgani inobatga olingan holda qabul qilingan. Shuningdek, sud jinoiy niyatning amalga oshirish darajasi hamda sudlanuvchilarning shaxsini hisobga olib, ularni jamiyatdan ajratmagan holda ham tuzatish mumkin, degan xulosaga kelgan.

Sudda ta’kidlanishicha, probatsiya nazorati jinoiy javobgarlikdan ozod qilishni anglatmaydi, balki uning ijrosi probatsiya organlari tomonidan nazorat qilinadigan jinoyat-huquqiy ta’sir chorasi hisoblanadi.


Eslatib o‘tamiz, kecha Bishkek shahrining Birinchi may tuman sudi "75 lar xati" deb atalgan jinoyat ishi bo‘yicha ish figurantlariga hukm chiqargan edi.

Tashiyev iste’fosi

Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.

Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi. 

2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.

Japarov va Tashiyev tandemi

Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.

Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.

2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.

Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.

So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing