Yoshlarga xushxabar: 2021 yilda maxsus Prezident granti joriy etiladi

Jamiyat

image

2021 yildan boshlab maktab o‘quvchilari va oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida “Bo‘lajak olim” tanlovini tashkil qilish orqali yoshlarning eng yaxshi innovatsion hamda startap loyihalariga 50 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi yoshlar forumida aytib o‘tdi.

“Bu ishlarimizni davom ettirgan holda, kelgusi yilda 100 dan ziyod shahar va tumanlarimizda axborot texnologiyalarini chuqur o‘rgatadigan zamonaviy o‘quv markazlarini tashkil qilamiz. Yoshlarga xalqaro IT sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi. Yaqin ikki yilda “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 300 ming nafar yoshlar kompyuter dasturlash asoslariga bepul o‘qitiladi.

O‘rni kelganda, sizlarga yana bir muhim yangilikni aytib o‘tmoqchiman. Keyingi yildan oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yosh uchun Prezident granti joriy etiladi. Agar mavjud Prezident stipendiyasi faqat bir o‘quv yili uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, ushbu grant mablag‘lari to‘rt yil davomida to‘lab boriladi”, dedi Prezident.

Shuningdek, kelgusi o‘quv yilidan boshlab respublikamizdagi xorijiy oliy o‘quv yurtlarining bakalavriat bosqichi talabalari uchun ham Prezident va davlat stipendiyalari joriy etiladi.

“Chunki bunday ta’lim maskanlarida o‘qiyotgan yoshlar ham o‘zimizning farzandlarimiz. Ular ertaga yurtimiz taraqqiyoti uchun xizmat qiladi. Shunday ekan, ularga g‘amxo‘rlik qilib, iste’dodini rag‘batlantirsak, o‘ylaymanki, adolatdan bo‘ladi”, degan Shavkat Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

169

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing