1 dekabrdan AI-80 benzinining sotuvi ham, olib kelinishi ham taqiqlanadi
Jamiyat
−
22 noyabr 2862 2 daqiqa
Toshkent shahridagi havoning ifloslanishida transport masalasi ham juda katta omil hisoblanadi. Bu haqda bugun, 22 noyabr kuni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasida jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida ma’lum qilindi.
Qo‘mita raisi Aziz Abduhakimovning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda pul tejash maqsadida, asosan, shu AI-80 benzinidan foydalanilgan, ammo bu turdagi benzin havoga juda katta zarar keltirgan.
“Endi shu 1 dekabrdan boshlab AI-80 benzinining sotuvi ham, olib kelinishi ham – hammasi taqiqlanadi. Bu, bizlarning taxminlarimizga ko‘ra, Toshkent shahrini tartibga keltirishga imkon beradigan omillardan biri”, dedi Abduhakimov.
Yig‘ilishda poytaxtdagi avtomobillar soni ham keskin oshgani qayd etildi. Ma’lum qilinishicha, shaharda kuniga 1 million avtotransport harakatlanadi. Ya’ni Toshkent shahrida 650 000 ta transport vositasi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, viloyatlardan kuniga 300 000-350 000 ta transport poytaxtga keladi. Besh yil oldin bu raqam ikki baravar kam bo‘lgan. Ya’ni Toshkent shahrida 300 000-350 000 ta transport yurgan bo‘lsa, viloyatdan 100 000 ga yaqin transport vositasi kelgan.
“Bu bo‘yicha mana bizda yashil, sariq, qizil degan stiker tizimi bor. Hammaga bu yoqmaydi, albatta. Hozir hamma aytadiki, yana bu hukumat bir narsa o‘ylab topdi. Bizning o‘ylashimizcha, bu juda ham to‘g‘ri yechim. Misol uchun, boshqa davlatlarni ham o‘rgandik, boshqa davlatlarda ham ayni mana shunaqa muammolarga duch kelganda, o‘sha tizimni o‘rnatib, shu bilan sekin-sekin o‘sha avtotransport masalasi yechilgan edi. Mening o‘ylashimcha, qizil-sariq stiker ham o‘zining natijasini beradigan tizim. Aynan o‘sha hozir havoni ifloslantiruvchi avtomobillarni sekin-sekin “oborot”dan chiqarib olishimiz kerak”, dedi Abduhakimov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 30 yanvardagi “O‘zbekiston-2030” strategiyasining “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bilan joriy yil yakuniga qadar aholini sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i bilan ta’minlagan holda AI-80 markali avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va sotish cheklanishi xabar qilingan edi. “O‘zbekneftgaz” AJ 2 sentyabrdan boshlab AI-80 benzinini birja savdolari orqali sotishni to‘xtatdi.
Live
Barchasi