Genotsid tugamoqda. Misrda tinchlik bayram qilinadimi?

Tahlil

image

Misr katta “to‘y”ga tayyorgarlik ko‘rmoqda. AQSH Prezidenti Donald Tramp va yana bir qator yetakchi davlatlar rahabrlari bugun, 13 oktyabr kuni Misrda uchrashishga tayyorlanmoqda. Asr fojiasi sifatida tarixda qolgan  Falastin-Isroil mojarosi bugun Misda Tramp va Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi mezbonlik qiluvchi sammitda barham topishi kutilmoqda.  

Esinggizda bo‘lsa, joriy yilning 8 oktyabr kuni Misrning Sharm al-Shayx shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda AQSH, Misr, Qatar va Turkiya vositachiligida Isroil va HAMAS o‘rtasida sulhning dastlabki bosqichi amalga oshib, tomonlar shartnomaning ba’zi shartlari bo‘yicha kelishib olgan edi. 13 oktyabrga kelib esa ular boshqa shartlar yuzasidan murosaga kelishib olish uchun yig‘ilishmoqda.

Isroil shartnoma shartlarini bajarishini kuzatish vazifasini o‘z zimmasiga olgan Qo‘shma Shtatlar 10 oktyabr kuni 200 nafar harbiysini Isroilga jo‘natgan edi. Ularning asosiy maqsadi – logistika, transport, muhandislik va rejalashtirish bo‘yicha yordam berish, kelishuv shartlariga rioya etilishini ta’minlash uchun tomonlar o‘rtasida hodisalarning oldini olish mexanizmining ishlashini nazorat qilish.

Sammit oldidan shartnomaning dastlabki shartlariga binoan har ikki tomon asirlarni ozod etish ishlarini boshlagan. Urush oqibatida boshqa joyga ko‘chishga majbur bo‘lgan falastinliklar o‘z uylariga qaytmoqda. 67 ming falastinlik qurbon bo‘lgan ushbu urush tez orada yakun topadi.

Sammit qatnashchilari kimlar?

Bugungi sammit oldidan AQSH rahbari Donald Tramp erta tongda Netanyaxu taklifiga binoan Isroilga bordi  va  Quddusdagi Knessat (Isroil parlamenti)da nutq so‘zladi. Prezident Tamp shu kunning o‘zida Misga uchadi va sammitga hamraislik qiladi.

Isroil Bosh vaziri Netanyaxu kecha, 12 oktyabr kuni bergan bayonotda Misrdagi sammitga Isroildan vakillar bormasligini e’lon qilingan edi. Ammo keyinchalik Netanyaxu ham Misrga uchushi xabar qilindi. So‘nggi daqiqalarda esa OAVda boshqacha xabarlar paydo bo‘ldi. Ularga ko‘ra, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Netanyaxu Sharm-al-Shayx sammitida qatnashishi mumkinligi haqidagi xabarlardan so‘ng, Misrga qo‘nishdan bosh tortgan. Erdo‘g‘anning samolyoti qo‘nish o‘rniga Qizil dengiz ustida aylanib yurgan va faqat Netanyaxunung ishtiroki bekor qilinganlaridan keyingina qo‘ngan. Manbalarga ko‘ra, Erdo‘g‘an Netanyaxu qatnashadigan hech qanday sammitda ishtirok etmasligini oldindan aniq bildirgan edi.

O‘z navbatida, Falastin Prezidenti Muhammad Abbos Misrga tashrif buyurishini bildirgan. Ammo urushning nariga tomoni (Isroil) singari HAMAS vakillari ham bu tadbirda ishtiok etmaydi.

Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antonio Guterrish hamda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham ishtirokini tasdiqladi.

Xabar qilinishicha, Qatar Amiri  Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy hamda Iroq Bosh vaziri Muhammad al-Sudaniy ishtiroki kutilmoqda. Shu bilan birga, sulhning dastlabki bosqichida vositachilik qilgan Turkiya rahabri Rajab Toyir Erdo‘g‘an ham tashrif buyurishi ma’lum qilingan.

“The Guardian” nashri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, sammitda Yevropa mamlakatlari vakillaridan yana Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer, Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches, Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni, Germaniya kansleri Fridrix Mers, Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban va Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styore qatnashadi.

Osiyo mamlakatlaridan esa Iordaniya podshohi Abdulla II, Quvayt Bosh vaziri Ahmad al Abdulla al Saboh, Bahrayn qiroli Hamad bin Iso al-Xalifa, Indoneziya Prezidenti Prabovo Subianto, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bugungi sammitda ishtirok etadi.

Okean ortidan esa AQSH Prezidenti bilan bir qatorda Kanada Bosh vaziri Mark Karni ham bugun Misrda bo‘ladi.

Sammitga nafaqat davlatlar, balki xalqaro tashkilotlarning nufuzli shaxslari tashrif buyurishini e’lon qildi. Ulardan Yevropa kengashi raisi Antonio Koshta, BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish, Arab Ligasi Bosh kotibi Ahmad Abul Geyt tashrifi kutilmoda.

Shu qatorda, bir necha oy oldin yardoviy inshaotlari AQSH tomonidan bonbardimon qilingan Eron davlati ma’muriyati sammitda qatnashmasligini bildrgan. “Reuters” nashri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Misr Eronni sammitda ishtirok etishga taklif etgan, biroq 13 oktyabr kuni mamlakat rahbari Mas’ud Pezeshkiyon ham, Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ham unda ishtirok etmasligini tasdiqladi.

Sammitdan nimalar kutilmoqda?

Hali boshlanmasidan ko‘plab shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan sammitdan kutilmalar katta. Asosiy ko‘zlangan maqsad Tramp taklif qilgan yigirma bandlik tinchlik shartnomasi doirasida boshqa shartlarni ham kelishib olishdir. Urushni yakunlash va abadiy tinchlik sulhini imzolash, hudud chegaralarini belgilash, qo‘shinlarni militarizatsiya qilish, qochqinlar, moliyaviy yordam va infratuzilma masalalari asosiy mavzular bo‘lishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, Nobel mukofotidan quruq qolgan Trampni  Isroil va Misr taqdirlashi haqida ma’lumotlar chiqmoqda. Isroil Prezidenti Isxak Gersog kecha, 12 oktyabr kuni amerikalik mavqedoshi Donald Trampning G‘azodan garovga olinganlarning ozod etilishini ta’minlash va davom etayotgan mojaroga barham berishdagi rolini e’tirof etib, uni  Isroilning eng oliy  – Sharaf medali bilan taqdirlashini aytdi. 

“Prezident Tramp o‘zining tinimsiz sa’y-harakatlari bilan nafaqat yaqinlarimizni uyga qaytarishga yordam berdi, balki Yaqin Sharqda xavfsizlik, hamkorlik va tinch kelajakka chinakam umid asosida qurilgan yangi davrga asos soldi”, dedi u.

“Egypt today” nashri bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bugun, 13 oktyabr kuni Donald Trampni Nil ordeni bilan taqdirlashga qaror qilgan. Misr Prezidentining kechagi bayonotida aytilishicha, ushbu sammit Trampning mintaqada tinchlikka erishish haqidagi qarashlari va uning butun dunyo bo‘ylab mojarolarga barham berish bo‘yicha tinimsiz sa’y-harakatlari tufaylidir.

Xo‘sh bu Nobel uchun kompensatsiyami, yoki chinakamiga mehnatlar uchun tashakkurmi?

Hali kelishilmagan masalala ko‘p, taraflar ham to‘la yarashib oldi, deyish qiyin. Ammo 20 ga yaqin davlat, dunyoning nufuzli xalqaro tashkilotlari bir yerga jam bo‘layotgan ekan, tinchlik sulhiga umid katta. Har xolda uzoq davom etgan qonli urushning yakunlanishi faqat Falastin yoki Isroil uchun emas, balki butun dunyo uchun qaysidir ma’noda katta to‘y, katta bayram.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Misr Isroil HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing