Hukmron tandem o‘zini oqlamadi – Arkadiy Dubnov
Olam
−
13:23 8199 3 daqiqa
Qamchibek Tashiyevning iste’fosi, uning o‘rinbosarlari lavozimidan chetlatilishi va Chegara xizmatining MXDQ tarkibidan chiqarilishi Tashiyev va Sadir Japarovning hukmron tandemi o‘zini oqlamagani va endi barqarorlikni ta’minlay olmasligi ayon bo‘lganini ko‘rsatadi. Bu haqda siyosatshunos, Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis Arkadiy Dubnov o‘zining Facebook sahifasida yozdi.
“Boshqa tomondan, u abadiy bo‘lishi mumkin emasligi aniq va bugun menga Bishkekdagi hozirgi hokimiyat voqealaridan xabardor bir kishi ta’kidlaganidek, tandemning umuman besh yil davom etgani mo‘’jiza. MXDQ rahbarining haddan tashqari hokimiyatparastligi uni Qirg‘izistondagi ayrim vatandoshlar nazarida “birinchi raqamli shaxs”ga aylantirganini hisobga olsak, bu fikrga qo‘shilmaslik qiyin. Uning xizmatlari katta: u Tojikiston bilan chegara mojarosini muvaffaqiyatli hal qildi, butun MDH miqyosidagi asosiy “qonuniy o‘g‘ri” Qamchibek Qo‘lboyevni otib tashlashga farmoyish berdi, tug‘ilgan shahri Jalolobodni qirg‘iz eposining afsonaviy qahramoni sharafiga Manas deb o‘zgartirdi va shu shahardagi merning yuziga noto‘g‘ri qarorlari uchun tarsaki tortdi”, deb yozdi Arkadiy Dubnov.
U quyidagi savollarni o‘rtaga tashladi:
Qirg‘izistondagi sobiq ikkinchi shaxs uni hokimiyatdan chetlatish qaroriga qanday javob beradi? U Germaniyadan uyga qaytadimi? 2027 yil 24 yanvarga rejalashtirilgan navbatdagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishni xohlaydimi? Qaytib kelgach, hokimiyat uni ta’qib qiladimi?
“Aytishlaricha, sobiq chekistlar bo‘lmaydi va bunday holatda har narsa bo‘lishi mumkin. Ma’lumki, qirg‘izlar, ayniqsa janubiylar, tez qo‘zg‘alishga moil, ozgina narsadan otlanib "Oq uy"ga o‘zlarining himoyasiga yurish qilishadi. Ammo qirg‘iz siyosatining oqsoqoli Feliks Kulov bugun “Vesti” nashriga bergan intervyusida Tashiyevning keyingi taqdiri faqat uning o‘z qarorlariga bog‘liqligini va agar u hokimiyat bilan qarama-qarshilikka bormasa, uni hibsga olish yoki ta’qib qilish haqidagi gaplar asossiz ekanligini aytdi. Faqat shuni qo‘shimcha qilmoqchimanki, Qirg‘izistonning beshta prezidentidan birortasi, faqat vaqtinchalik prezident Roza Otunbayevadan tashqari, o‘z xohishi bilan va belgilangan muddatda o‘z kursisini tark etmagan. Biroq, tendensiya... U muvaffaqiyatli yengib o‘tiladimi, bu ochiq savol”, deya xulosa qildi Arkadiy Dubnov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev iste’foga chiqarilgani, uning o‘rnini esa o‘rinbosari Jumgalbek Shabdanbekov egallagani haqida xabar berilgan edi.
Sadir Japarovning matbuot kotibi Askat Alagozov mazkur o‘zgarishlar yuzasidan bayonot bergan. Uning aytishicha, Sadir Japarovning ushbu qarori davlat manfaatlari yo‘lida, jamiyatda, jumladan, davlat tuzilmalari o‘rtasida bo‘linishning oldini olish va aksincha, birlikni mustahkamlash maqsadida qabul qilingan. Shuningdek, Tashiyevning yana uch nafar o‘rinbosari ham lavozimidan ozod qilingan.
Qayd etish joiz, so‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak prezidentlik saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi